Zamonaviy qurilishda an’anaviy o‘zbek uylaridan nimalarni o‘rganish mumkin? Ekofestivaldan arxitektor tavsiyalari
'Yashil uyim' ekofestivalida arxitektor Mehriniso Ismailova an’anaviy o‘zbek uylarining iqlim va qadriyatlarga mos dizayn kodlari, ulardagi yechimlarning zamonaviy binolarga ko‘chishi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, uy qurish yoki xarid qilishda e’tibor berish lozim bo‘lgan muhim jihatlarga ham to‘xtaldi.

Zamonaviy qurilishda an’anaviy o‘zbek uylaridan nimalarni o‘rganish mumkin? Ekofestivaldan arxitektor tavsiyalari
29-avgust kuni Toshkentdagi Lokomotiv bog‘ida o‘tgan “Yashil uyim” ekologik festivalida arxitektor, Italiyaning Parma universiteti magistranti Mehriniso Ismailova ma’ruza qildi. Unda an’anaviy o‘zbek uylarining o‘ziga xos jihatlari, arxitekturasi, dizayni va madaniy kodlari, shuningdek, ulardagi yechimlarning zamonaviy uylarga qanday ko‘chib o‘tayotgani haqida so‘z yuritildi.
Arxitektorning aytishicha, an’anaviy uylar doimo tabiat va ekologiya bilan uyg‘un bo‘lgani uchun ekofestivalda aynan shu mavzu tanlangan. “Mazkur ma’ruza akademik tadqiqot emas, balki festivalning umumiy maqsadiga mos ravishda arxitekturaviy nuqtai nazardan yondashilgan bilimlardir”, — deydi u.
Hozir men magistraturada tadqiq qilayotgan mavzular O‘zbekistonda ham dolzarb bo‘lgani sababli ularga birgalikda yechim izlaymiz. Kimdir hovlida, kimdir ko‘p qavatli uylarda yashashi mumkin, biroq ularda ko‘rib turib, e’tibor bermaydigan elementlar bor.
Bizning an’anaviy hovli uylarimiz loyihalari iqlim va qadriyatlarimizdan kelib chiqib tuzilgan. Avvalo uy qurishdan oldin joy belgilanadi. Hamma an’anaviy uylarimizning yuragi — hovli hisoblanadi.
Ilgari hovli qurishdan oldin “quyosh qayerdan chiqadi?”, “shamol qayerdan keladi?”, “yozda qayerda ko‘proq salqin bo‘ladi yoki sovuqlikni qanday paydo qilish mumkin?”, “qishda issiqlikni qanday saqlash mumkin?”, “oila qayerda birga vaqt o‘tkazishni xohlaydi?” kabi savollar qo‘yilgan. Ularga javob topib, uylar barpo etilgan.
O‘zbekiston uylaridagi hovlilar har bir viloyatda turli joylashuvga ega bo‘lishi mumkin. Toshkentdagi an’anaviy uylarda hovli o‘rtada joylashsa, Buxoro taraflarda uyning oldi yoki orqasida bo‘ladi. Iqlim va qadriyatlar hududga qarab o‘zgargani uchun loyihalarda ham bir-birini takrorlamaydigan o‘ziga xosliklar bor.
Demak, tahlil qilamiz. Avvalo quyoshning tushishiga e’tibor berish kerak. Buning uchun asosiy geografik yo‘nalishlar — shimol, janub, sharq va g‘arbni belgilab olamiz. Quyosh sharqdan chiqib, g‘arbda botadi. Yozning issiq paytida esa o‘rtaroqda aylanadi. Bular boshlang‘ich bilimlar bo‘lib, birinchi bosqich shularga tayangan holda boshlanadi.
Hovli qurilganda eng ko‘p quyosh tushadigan tomon janubi-sharqiy qism hisoblanadi. Bu nuqta issiq bo‘lgani uchun qarama-qarshi shimol tomondan salqin shamol keladi. Aslida shamol o‘zgaruvchan narsa, lekin eng ko‘p salqinlikni har doim shimoliy tomonda uchratish mumkin.
Bilasiz, hozir hamma joyda ham hovli qurilmayapti, odamlar zamon o‘zgargani sayin ko‘p qavatli uylarga o‘tishyapti. Bu esa an’anaviy uylarimiz prinsiplarini qayta ko‘rib chiqish zaruratini tug‘diradi. Ulardagi ko‘plab yechimlarni ko‘p qavatli uylarga ko‘chirish mumkin. Shu orqali qadriyatlarimizni zamonga moslashtiribgina qolmay, o‘zbek uylaridagi madaniy kodlarni ham saqlab qolamiz.
Qolaversa, an’anaviy uy deganda faqat ustunlariga naqshlar yozish yoki gumbazlar qo‘yishni tushunmaslik kerak. Masalan, ko‘p hovlilarda kichik dam olish hududi (mini-patio) quriladi. Unda ikkita divancha yoki stol-stul qo‘yib, choy ichish hududi yaratish mumkin. Ayrim ko‘p qavatli ofislarda binolar o‘rtasiga kichkina yashil hudud qilib, yashil atrium (ko‘p qavatli yirik binolarning ichidagi shaffof oyna yoki gumbaz bilan yopilgan, tepadan quyosh nuri tushib turadigan keng markaziy dahliz yoki zal) yaratishadi. Mana buni hovlining yangi talqini deyish mumkin.
An’anaviy yechimlarni zamonaviy uylarga ko‘chirishda Toshkentda Kosmonavtlar metrosi yaqinidagi “Marvarid” (“Jemchug”) ko‘p qavatli uyi eng chiroyli namuna hisoblanadi. Undagi har uch qavatda bitta hovli mavjud. Arxitektor milliyligimiz prinsiplariga tayangan holda mazkur eksperimental uyni qurgan.
An’anaviy uylardagi ikkinchi muhim element — ayvon. Ayvon — bu hozirgi konditsioner. An’anaviy uylarimizda ayvon uydan bir ustunga baland qurilgan bo‘ladi. Bu shabada esishi va uyning tagi qizib ketmasligiga yordam beradi. Demak, ayvonlarimiz fizik, aerodinamik, havo almashinuvi kabi ilmlarga tayangan holda yaratilgan.
Ayvonlarni ko‘cha bilan ichkari yopiq hududni bog‘lovchi koridor deb ham atash mumkin. Chunki ayvon yarim ochiq joy bo‘lib, havoni sekinlik bilan kirgizadi va buning natijasida qishda ichkari xonalar issiqlikni, yozda salqinlikni ushlab turadi.
Ichki balkonlar esa ko‘p qavatli uylardagi ayvonning zamonaviy talqini. Balkon ham ikki xil bo‘ladi, tashqi balkon ayvon hisobiga kirmaydi. Sovet davrida qurilgan barcha to‘rt-besh qavatli uylarda ichki balkonlar bo‘lgan. Lekin afsuski, bugunga kelib aksar uy egalari ularni yopib, xona sifatida foydalanishadi. Natijada uyda havo almashinuvini tabiiy ravishda ta’minlovchi qism yo‘qotilgan.
Shuningdek, bugun quyosh panellaridan ham foydalanishadi. Ular ham fasadga qo‘yiladi, ayvonning vazifasini minimal darajada bajarib, quyoshdan saqlay oladi.
Uchinchi element — iqlim bilan to‘g‘ri munosabat qilishga yordam beradigan qalin devorlar. Oldingi an’anaviy uylarda tashqi devorlarning qalinligi 450−500 millimetr bo‘lgan. Mavsumga qarab issiq yoki sovuq havo devorga qattiq urilganda, qalin devorlar ularning ichkariga o‘tishini sekinlashtirgan.
Lekin qalin devorlar ko‘p joy egallagani va binoni og‘ir qilgani sababli, ko‘p qavatli osmono‘par binolarda devor orasiga termal massa (qalin devorlarning vazifasini bajaruvchi “aqlli” issiqlik tizimi) yoki issiqlik izolyatsiyasi o‘rnatiladi. Ular deyarli joy egallamasdan turib qalin devorlarning vazifasini bajara oladi.
To‘rtinchi element — eshik va derazalar. Qayerda eshik-deraza qo‘yilsa, o‘sha yerdan shamol va issiqlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiradi.
Bitta deraza faqat shamol kirishiga yordam beradi. Lekin shamolning qayerdan chiqib ketishini ham o‘ylash kerak. Aks holda, uyda dimlik paydo bo‘ladi. Shuning uchun xonaga yana bitta deraza qo‘yish orqali shamolni loyihalash mumkin.
Ma’ruza ishtirokchilari. Foto: Kristina Romanova / “Yashil uyim”
Quyosh tikka tushganda, asosan tush payti hovli isiydi. Kechga borib shamol kelganda pastga yig‘ilgan issiq havo tepaga ko‘tariladi. Agar derazalar qarama-qarshi holatda to‘g‘ri qo‘yilsa, issiq havoni tashqariga itaradi va havo aylanishi boshlanadi.
“Axir aksar ko‘p qavatli uylarda har bir xonada ikkitadan deraza qo‘yilmaydi-ku”, degan savol tug‘ilishi mumkin. Qanday uy bo‘lishidan qat’i nazar, loyihalashda uch tur havo almashinuvi mavjud: to‘g‘ridan-to‘g‘ri shamollatish (bitta derazali xonalar uchun), burchakli shamollatish (yonma-yon devorlar orqali), diagonal shamollatish (qarama-qarshi devorlar orqali kesib o‘tuvchi). Uyning loyiha va joylashuv imkoniyatlaridan kelib chiqib, ulardan biri tanlanishi mumkin.
Uxlash oson va uyqu sifatli bo‘lishi uchun yotoqxona ko‘proq qorong‘iroq bo‘lishi kerak. Buning uchun quyosh uruvchi eng issiq tomonga ayvon quriladi, yuqorida aytganimizdek, u issiqlikni salqin qilib kirgizadi. Shimoliy tarafga dam olish va yotoqxona xonalari joylashtiriladi. Oshxona yoki mehmonxonalar esa ayvondan tashqarida ham joylashishi mumkin.
Bular tabiat va iqlimdan kelib chiqqan qoidalar. Kimdir tongda erta turish uchun quyosh tushadigan tomonda yashashni yaxshi ko‘rsa, shunga qarab loyihalashi mumkin.
Agar ko‘p qavatli uylar to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh tushadigan tomonda qurilsa, o‘sha tarafda ichki balkonlar yaratish zarur. Ular quyosh nuri o‘tishini to‘sadi va salqinlik beradi. Orqa tomondan esa shamol kiradi. Uni to‘g‘ri yo‘naltirish uchun oyna qo‘yish mumkin. Aksincha, oyna yon tomonlarga qurilsa, issiqlikning to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirishiga olib keladi. Ammo bular bino qurilayotganda qilinishi kerak, keyinchalik uni sotib yoki ijaraga olganlar arxitekturasini o‘zgartirolmaydi.
Masalan, Mirobod tumanida to‘rt qavatli baland bo‘lmagan binoning fasadlari faqat oyna bilan o‘ralgan. Binoning atrofi daraxtzor bo‘lishiga qaramay, to‘rtinchi qavatini ijaraga olganlar ichki tomondan issiqlik izolyatsiyasi bilan berkitishga majbur bo‘lgan. Bu fasad dizaynini juda xunuk ko‘rsatadi. Lekin ularda ham ayb yo‘q, chunki ichkarida xonalarni ishlatishning iloji bo‘lmagan. Bu bizning quyoshli iqlimga faqat oynadan iborat fasadlar to‘g‘ri kelmasligini ko‘rsatadi. Ularni yarim yopiq qismlarga almashtirish mumkin.
Uy qurish uchun eng yaxshi material — istalgan turdagi g‘isht. G‘isht qalin va zich bo‘lgani hisobiga harorat o‘tishini sekinlashtiradi. Ammo bugungi kunda g‘isht ekologik jihatdan qimmat material bo‘lgani bois “gazoblok” (yuqori bosimda pishirilgan, g‘ovakli yengil beton) va “penoblok” (kimyoviy ko‘pik yordamida tayyorlangan qurilish bloki) materiallari ham ishlatilmoqda. Ular issiqlik va sovuqlikni tez o‘tkazgani sababli ishlatilganda, albatta, zamonaviy izolyatsiyalar ham o‘rnatilishi kerak.
Hozir devorlarga qalin “oboy”lar yopishtirish ommalashgan, ammo ularning hisobiga devor nafas olmaydi. Devor uchun eng yaxshi va havo aylantiruvchi narsa bo‘yoqlar hisoblanadi. Birinchidan — yangilash oson, ikkinchidan — hozir bo‘yoqlarning ham turlari ko‘paygan. Ammo ularda lak miqdori qancha kam bo‘lsa, shuncha foydali. Lak ham plastikning bir turi, yopishgan joyida havo o‘tkazmaydi. Yoki oddiy taxta panellar ham devor uchun maqbul variant.
Kuzatishlarim davomida shuni angladimki, ko‘pchilik ikkinchi darajali materiallar, xususan, bezaklarga e’tibor beradi. Chunki ular ko‘z bilan ko‘riladi-da. Lekin yangi xonadon sotib olayotganda birinchi navbatda bino nimalardan qad rostlagani, devorning materiali va qalinligiga qiziqing.
Ma’ruza ishtirokchilaridan biri 50 yil oldin g‘ishtdan va qalin devorli qilib qurilgan taxtali uyida tashqaridagi 40 gradus issiqda ham konditsionersiz bemalol yashay olgani, qishda esa elektr va isitish tizimi 24 soat o‘chganda ham uy issiq saqlanib, noqulaylik tug‘dirmaganini ta’kidladi. Mana shu jonli misoldan ham ko‘rishimiz mumkinki, bugungi kunda elektr va gazdan uzilishlar kuzatilayotgan bir paytda to‘g‘ri qurilgan uy insonni qiyin ahvolda qoldirmaydi.
Ayvon yoki balkon qilinmagan uylar xonalarini yopish uchun parda qilishadi. Pardadan keyin esa konditsioner yoqmaslikning iloji yo‘q. Bu iqtisodiy jihatdan ikki hissa va davomiy sarflash degani.
Qolaversa, aksariyatimiz xona qizisa, birinchi navbatda konditsioner o‘rnatish va yoqishni xohlab qolamiz. Aslida avvalo shamollatish vositasi bo‘lgan oynalarni to‘g‘rilash, ularning yaqiniga daraxt ekish yoki nimadir o‘stirishni rejalashtirish kerak. Bu bilan tabiiy havo aylanishini ta’minlaymiz.
Daraxt turi yer va tuproqqa bog‘liq. Toshkentda tuproq nam bo‘lgani uchun variantlar ko‘p, yog‘ingarchilik kam bo‘lgan Qoraqalpog‘iston va Xorazm taraflarda esa suvsizlikka chidamli gujum daraxti eng yaxshi tanlov hisoblanadi. Umuman, qayerda qanday daraxt ekish bo‘yicha landshaft dizaynerlaridan ma’lumot olish yaxshiroq.
Yana yuqoridagi gapni takrorlayman: konditsioner, sovitish, isitish vositalari yoki bezash dizaynlari ikkinchi darajada turadi. Biz ularga katta pul tikkan taqdirimizda ham birinchi darajadagi omillar — shamolni aylantirish, havoni to‘g‘ri yo‘naltirish, havoni loyihalashni to‘kis va to‘g‘ri qilmagan bo‘lsak, hayotimiz qiyinlashishda davom etadi.
Endi bir chiroyli o‘yinimiz bor. Sun’iy intellekt turli jabhalarda hayotimizni osonlashtirmoqda. Faqat undan to‘g‘ri foydalanish kerak. Biz magistratura ta’limi davomida ham unga murojaat qilib turamiz. Men taqdim qilayotgan QR kod orqali Telegram kanalga o‘tasiz, u yerda prompt yozilgan. Prompt uzun bo‘lgani uchun ikkiga bo‘linib qolgan. Ularning ikkisini ham nusxa olib, birdaniga ChatGPT’ga yuborasiz. U sizga tegishli savollar beradi, ularga javob berganingizdan so‘ng, sizning tasavvuringizdagi an’anaviy uyning modelini taqdim etadi.
Sun’iy intellekt, albatta, siz uchun uy qurib bera olmaydi, ammo xohishlaringizni tahlil qilishi mumkin. Uyingizni qanday uslubda qurishni xohlayapsiz, uning ko‘rinishi qanday bo‘ladi, qayerda yotoqxona, qayerda choy ichish yoki boshqa xonalarni qilmoqchisiz — shuning xomaki variantini yaratib beradi. Oxirida tayyor hovlining boshlang‘ich loyihasini olib, arxitektorlarga o‘z g‘oyangizni bildirishingiz mumkin. Yana bir bor takrorlayman, u mukammal loyiha yaratmaydi, shunchaki tasavvuringizni tasvirda gavdalantirib beradi xolos. Uy loyihalash va qurishda, albatta, o‘zining professional mutaxassislariga murojaat qilish lozim.
Ma’ruzam orqali arxitekturaga oid ilmiy atamalarni tushuntirmoqchi emasdim. Uy qurish va tanlashga aloqador eng boshlang‘ich bilimlarni oddiy odamlarga ham tushunarli tilda yetkazishga urindim. Zero, har birimiz o‘z hayotimiz uchun arxitektor bo‘lgan holda to‘g‘ri fikrlashimiz lozim. Chunki arxitektor to‘g‘ri uy qurgani bilan undan oqilona foydalanilmasa, mehnat, pul, inson energiyasi havoga sovurilishi hech gap emas.

