O‘zbekiston London dizayn festivalida madaniy ommaviy dastur bilan ishtirok etadi
O‘zbekiston bu yilgi London dizayn festivalida hunarmandchilik va zamonaviy san’atga bag‘ishlangan ommaviy dastur bilan ishtirok etadi. Viktoriya va Albert muzeyida so‘zanalar kolleksiyasidan yaratilgan installyatsiya, mahorat darsi va o‘zbek xonandasining jonli ijrodagi chiqishi bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston London dizayn festivalida madaniy ommaviy dastur bilan qatnashadi
12−20-sentabr kunlari London (Buyuk Britaniya)dagi Viktoriya va Albert muzeyida (V&A) bo‘lib o‘tadigan 2026-yilgi London dizayn festivali doirasida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida milliy hunarmandchilik hamda zamonaviy san’atga bag‘ishlangan ommaviy dastur taqdim etiladi, deya xabar berdi jamg‘arma matbuot xizmati.
Festival doirasida 16-sentabr kuni so‘zana ustasi Yulduz Muhiddinova tomonidan Suzani Demonstration (mahorat darsi) o‘tkaziladi. Unda tashrif buyuruvchilar O‘zbekistonning noyob to‘qimachilik an’analaridan biri bo‘lgan so‘zana tikish texnikasi va ramzlar tili bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuningdek, dastur 18-sentabr kuni Yulduz Muhiddinovaning yana bir mahorat namoyishi hamda o‘zbek xonandasi Layloning ikkita jonli konserti bilan davom etadi.
Bundan tashqari, Londonda yashovchi o‘zbek rassomi Aziza Qodiriyning Sender Unknown (Yuboruvchi noma’lum) nomli yangi installyatsiyasi namoyish etiladi. Muzey buyurtmasi asosida yaratilgan ushbu asar V&A to‘plamidagi tarixiy so‘zanalar kolleksiyasiga tayangan bo‘lib, sun’iy intellekt, zamonaviy san’at va an’anaviy hunarmandchilik o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi.
Ma’lumot uchun, 2003-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan London dizayn festivali Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar dizaynerlari, madaniy muassasalari hamda ijodiy hamjamiyatlarini birlashtiruvchi dunyoning yetakchi dizayn festivallaridan biri sanaladi. Unda ko‘rgazmalar, performanslar, mahorat darslari, konferensiya va suhbatlar tashkil etiladi.

