O‘zbekiston hududlarining progressiv reytingi e’lon qilindi
Progressiv islohotlar markazi O‘zbekiston hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini baholovchi «Hududlarning progressiv reytingi»ning navbatdagi natijalarini e’lon qildi

O‘zbekiston hududlari bo‘yicha progressiv reyting e’lon qilindi
Progressiv islohotlar markazi O‘zbekiston hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini baholovchi «Hududlarning progressiv reytingi»ning navbatdagi natijalarini taqdim etdi. Ushbu reyting uchinchi yil ketma-ket e’lon qilinmoqda.
Reytingda hududlar sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot, infratuzilma, imkoniyatlar, jamoat xavfsizligi hamda tabiiy muhit yo‘nalishlari bo‘yicha baholanadi. Xususan, sog‘liqni saqlashda tibbiy xizmatlardan foydalanish va aholi salomatligiga doir 14 ta, ta’limda 7 ta, iqtisodiyotda esa biznes muhiti, mehnat bozori va iqtisodiy o‘sishga oid 9 ta indikator hisobga olinadi.
Infratuzilma reytingi uy-joy fondi, transport va aloqa bo‘yicha 8 ta ko‘rsatkich asosida shakllantiriladi. Imkoniyatlar yo‘nalishi esa yashash sharoitlari, iqtisodiy imkoniyatlar va gender tengligi bo‘yicha 11 ta indikatorni o‘z ichiga oladi. Jamoat xavfsizligida 5 ta, tabiiy muhitda esa 4 ta ko‘rsatkich baholanadi.
Markazning 2026 yil uchun yangilangan reytingiga ko‘ra, Toshkent shahri O‘zbekistondagi eng yaxshi hudud deb topildi.
Umumiy reytingda undan keyingi o‘rinlarni Navoiy viloyati, Xorazm viloyati, Buxoro viloyati va Sirdaryo viloyati egalladi. Kuchli o‘nlikka, shuningdek, Namangan, Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ham kirdi.
Alohida yo‘nalishlarda ham yetakchilar turlicha. Masalan, sog‘liqni saqlash bo‘yicha Jizzax viloyati 1-o‘rinni, Toshkent shahri 2-o‘rinni, Qashqadaryo viloyati 3-o‘rinni oldi.
Ta’lim yo‘nalishida Toshkent shahri birinchi, Samarqand viloyati ikkinchi, Namangan viloyati uchinchi bo‘ldi. Iqtisodiyotda ham Toshkent shahri yetakchilik qildi, Navoiy viloyati ikkinchi, Buxoro viloyati uchinchi o‘rinni egalladi.
Infratuzilma bo‘yicha Toshkent shahri 1-o‘rinda, Toshkent viloyati 2-o‘rinda, Farg‘ona viloyati 3-o‘rinda qayd etilgan.
Imkoniyatlar yo‘nalishida ham Toshkent shahri birinchi o‘rinni saqlab qoldi. Keyingi o‘rinlarda Navoiy va Xorazm viloyatlari joylashdi.
Jinoyat va tuzatishlar bo‘yicha Navoiy viloyati 1-o‘rinni, Sirdaryo viloyati 2-o‘rinni, Xorazm viloyati 3-o‘rinni egallagan.
Tabiiy muhit bo‘yicha esa Namangan viloyati yetakchi bo‘ldi. Qashqadaryo viloyati 2-o‘rinda, Xorazm viloyati 3-o‘rinda qayd etildi.
Shu tariqa, Toshkent shahri umumiy reytingda 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, barcha yo‘nalishlarda yetakchi emas. Masalan, u sog‘liqni saqlashda 2-o‘rinda, jinoyat va tuzatishlar bo‘yicha esa 12-o‘rinda qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Markazning avvalgi, 2024 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan kompleks reytingida Toshkent shahri 1-o‘rin, Navoiy viloyati 2-o‘rin, Buxoro viloyati 3-o‘rinni egallagan. Keyingi o‘rinlarda Xorazm, Sirdaryo va Samarqand viloyatlari joy olgan. Quyi uchlikda esa Namangan, Surxondaryo va Jizzax viloyatlari qayd etilgan.

