O‘zbekiston delegatsiyasi Para Osiyo o‘yinlarida umumjamoa hisobida 2-o‘rinda bormoqda
Yaponiyada o‘tayotgan V yozgi Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi medallar sonini 105 taga yetkazdi. Hamyurtlarimiz

O‘zbekiston delegatsiyasi Para Osiyo o‘yinlarida umumjamoa hisobida 2-o‘rinda bormoqda
Yaponiyada bo‘lib o‘tayotgan V yozgi Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari medallar jamg‘armasini yanada boyitishda davom etmoqda. So‘nggi natijalar ortidan delegatsiya hisobidagi medallar soni 107 taga yetdi.
22-oktyabr kuni Ayti–Nagoya–2026 Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston vakillari para yengil atletika, para velosport, para pauerlifting, para o‘q otish, para suzish va para qilichbozlik bo‘yicha bellashuvlarda qatnashmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi 34 ta oltin, 38 ta kumush va 35 ta bronza — jami 107 ta medal bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinda ketmoqda. Birinchi pog‘onada Xitoy, uchinchi o‘rinda esa Yaponiya joylashgan.
Suzish bahslarida hamyurtlarimiz yana ikkita medalni qo‘lga kiritdi. Erkaklar o‘rtasida S13 klassida 50 metrga erkin usulda suzish finalida Yegor Bolotov 24,39 soniya natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, S8 klassida 100 metrga chalqancha suzish bahslarida Azizbek Boynazarov 1 daqiqa 7,93 soniya natija bilan ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Para yengil atletikada ham O‘zbekiston vakillari yuqori natijalarni qayd etdi. Erkaklar o‘rtasida F36 klassida yadro uloqtirish bo‘yicha Barotjon Baxtiyorov 15,98 metr natija bilan chempion bo‘ldi va Para Osiyo o‘yinlari rekordini yangiladi.
Ayollar o‘rtasida F46 klassida nayza uloqtirish finalida Shahinaxon Yigitaliyeva 44,99 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritib, Osiyo rekordini yangiladi. Shu bahsda Xusnoraxon Qudratullayeva 41,91 metr natija bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Yadro uloqtirish musobaqalarida Mohigul Sharobidinova F56/57 klassida 8,46 metr natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. F35 klassida Dilafro‘zxon Ahmadxonova 9,05 metr natija bilan kumush, Zuhro Fayzullayeva esa 7,57 metr natija bilan bronza medal sohibi bo‘ldi.
F37 klassida Zohira Qozoqova 9,25 metr natija bilan bronza medalni qo‘lga kiritdi. Erkaklar o‘rtasida T12 klassida uzunlikka sakrash bahslarida esa Sevinchbek Husanov 6,54 metr natija bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Para velosportning shosse yo‘nalishida ham O‘zbekiston sportchilari shohsupaga ko‘tarildi. Ayollar o‘rtasida T1–2 klassi guruh poygasida Marjona Pardaboyeva 1:08:27 natija bilan oltin, Odina Hamdamova 1:08:35 natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori Marjona Pardaboyeva mazkur Para Osiyo o‘yinlarining ikki karra chempioniga aylandi.
Shuningdek, ayollar o‘rtasida H1–3 klassi guruh poygasida Pokiza Ahmadbekova, erkaklar o‘rtasida T1–2 klassi guruh poygasida esa Jahongir Xalilov bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Musobaqalar davom etayotgani sababli umumjamoa hisobidagi o‘rinlar va medallar soni o‘zgarishi mumkin.

