“O‘zbekfilm” endi film olmaydi, “goszakaz” bekor qilinadi, suratga olish xususiy sektorga beriladi
'O‘zbekfilm' davlat muassasasi tugatilib, milliy kinokompaniyaga aylantiriladi. Tuzilma endi film olmaydi, suratga olish to‘liq xususiy sektorga o‘tadi. Kinoda 'goszakaz' bekor qilinib, subsidiya tizimi joriy etiladi. Asosiy e’tibor rejani yopishga emas, sifatga qaratiladi, dedi prezident.

“O‘zbekfilm” endi film ishlab chiqarmaydi, “goszakaz” bekor qilinadi, suratga olish xususiy sektorga topshiriladi
“O‘zbekfilm”ning tashkiliy va iqtisodiy modeli yangilanadi, deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev “Renessans” kino uyida kinoijodkorlar bilan uchrashuvda.
Unga ko‘ra, davlat muassasasi tugatilib, zamonaviy biznes modeli asosida faoliyat yuritadigan yangi “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi.
Prezident yangi kinokompaniya milliy kino brendini yaratish va zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha tayanch markaz hamda bosh operator bo‘lishini aytdi.
Ta’kidlanishicha, “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi film ishlab chiqarmaydi. Filmlarni yaratish to‘liq xususiy sektorga o‘tadi. Kompaniya loyihalarni tanlash va moliyalashtirish, filmlarni targ‘ib qilish, tarqatish, xalqaro bozorlar va festivallarga olib chiqish bilan shug‘ullanadi.
Bu orqali filmni ishlab chiqarishdan tomoshabinga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayon yaxlit tizimga birlashadi. Milliy kinokompaniya faoliyatini bir hafta muddatda yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Prezident kinolarni moliyalashtirishda “goszakaz” (davlat buyurtmasi) amaliyotidan subsidiya asosida qo‘llab-quvvatlash tizimiga o‘tilishini ma’lum qildi.
“Kino loyihalarini moliyalashtirishning amaldagi davlat buyurtmasi va xaridi tizimida ham yechimini kutayotgan masalalar bor. Eskidan qolgan „goszakaz“ zamonaviy kinoindustriya talablariga javob bermayapti”, — dedi davlat rahbari.
Bir vaqtning o‘zida bitta rejissyorga oltitagacha, bir muallifga yettitagacha loyiha biriktirilgani, bunday yuklamada har bir asar ustida puxta ishlash qiyin bo‘lishi ta’kidlandi. Buyurtmalarning deyarli yarmi davlat studiyalariga berilgani xususiy ijodkorlar uchun teng raqobat imkonini cheklagan, dedi u.
Qayd etilishicha, oqibatda kuchli ssenariy va sifatli film yaratish o‘rniga topshiriqni tezroq “yopish” asosiy mezon bo‘lib qolgan. Mamlakat yetakchisi ijodkor mehnatining natijasi tomoshabinni chuqur o‘yga solib, qalbida iz qoldirgan film bilan o‘lchanishi kerakligini ta’kidladi.
“Ssenariy suratga olish jarayonida boyitilishi, ijodiy yechimlar o‘zgarishi mumkin. Shuning uchun san’at asarini oddiy tovar yoki qurilish obyekti kabi texnik topshiriqlar asosida xarid qilish to‘g‘ri emas”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Bundan buyon davlat filmning buyurtmachisi emas, ijodkorlar va xususiy sektorning ishonchli hamkori bo‘ladi”, — deya qayd etdi u.
Qo‘shimcha qilinishicha, 2027-yildan boshlab har yili “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi so‘roviga ko‘ra budjetdan tegishli mablag‘ ajratib boriladi. 2016-yilda filmlar olish uchun davlat budjetidan 10 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2026-yilning o‘zida 218 milliard so‘m berilgani alohida qayd etildi.
Mazkur yig‘ilishda prezident O‘zbekiston Kinematografiya agentligi, uning 19 ta tashkiloti va Kinematografiya jamg‘armasi tugatilib, soha boshqaruvi Madaniyat vazirligiga o‘tkazilishini ham ma’lum qildi.
Vazirlik huzurida yangi Kino san’ati departamenti tashkil etilib, uning rahbari vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

