Osiyo oʻyinlarida oltinsiz kun. Ikki sportchi finalda yutqazdi
Kun davomida faqat ikki kumush medal qoʻlga kiritildi. Dzyudochi Shahram Ahadov finalda BAA vakili Kazbek Naguchevga yutqazdi. Yunon-rum kurashchisi Alisher Gʻaniyev qirgʻizistonlik Joʻlomon Sharshenbekovdan magʻlub boʻldi. Qirgʻiziston bu gʻalaba orqali Osiyo oʻyinlaridagi ilk oltin medalini qoʻlga kiritdi.

Osiyo oʻyinlarida oltin medalsiz kun: ikki sportchi finalda magʻlub boʻldi
1-oktabr kuni, Osiyo oʻyinlarining 12-kunida Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari sportning 12 turida bellashdi, biroq kunni oltin medalsiz yakunladi.
Kun davomida faqat ikkita kumush medal qoʻlga kiritildi — dzyudoda Shahram Ahadov, yunon-rum kurashida esa Alisher Gʻaniyev finalgacha yetib bordi, ammo hal qiluvchi bahslarda yutqazdi.
Oʻzbekiston dzyudo jamoasi bugungi dasturda 5 nafar sportchi bilan qatnashdi.
Shahram Ahadov turnirni muvaffaqiyatli oʻtkazdi. Amaldagi Osiyo chempioni boʻlgan bu sportchi dastlabki bosqichda Afgʻoniston vakili Sayid Muhammad Sayidiyni (ippon), chorakfinalda janubiy koreyalik An Jayehongni (ippon), yarimfinalda esa yaponiyalik Tatsuki Ishiharani (yuko) magʻlub etdi.
Biroq finalda BAA nomidan qatnashgan asli rossiyalik Kazbek Naguchevga yutqazib, kumush medal bilan kifoyalandi.
Arslonbek Tojiyev esa ilk bosqichdayoq tojikistonlik Abubakr Sherovga magʻlub boʻldi. Tojikistonlik kurashchi finalgacha yetib bora olmagani sabab Tojiyevda bronza uchun kurashish imkoniyati paydo boʻlmadi.
Oʻz navbatida, qizlar jamoasining uch vakili ham bronza uchun kurashdi.
Shukurjon Aminova avval qirgʻizistonlik Janar Joʻldoshevani (ippon), soʻng qozogʻistonlik Dana Abdirovani (ippon) magʻlub etdi, ammo yarimfinalda ushbu vazn toifasining favoriti — jahon chempioni va Olimpiada finalchisi Hu Mi Miga yutqazdi. Keyin koreyalik sportchi finalga chiqib, chempion boʻldi va bu Aminovaga bronza uchun kurashish imkonini berdi. Ammo oʻzbekistonlik dzyudochi medal uchun bahsda yaponiyalik Mio Shirakanega ippon bahosi bilan magʻlub boʻldi.
Marjona Nurillayeva birinchi bahsdayoq KXDR vakili Kim Ji Hyega yutqazdi (vazari), raqibi finalgacha chiqqani sabab Nurullayevada bronza uchun kurashish imkoniyati yuzaga keldi. U avval oʻtish bahsida qirgʻizistonlik Adina Koʻchkonbayevadan ustun kelgandi (yuko), biroq medal uchun bahsda qozogʻistonlik Esmigul Kuyulovaga imkoniyatni boy berdi (vazari).

