Sport

Osiyo kubogi keçiktirildi

Turnir mezbonligi Saudiya Arabistonida qoladi, ammo öyinlar 2027-yil boşida emas, oxirida boşlanadi.

**Osiyo kubogi kechiktirildi**

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan 2027-yilgi Osiyo kubogi muddatlari o‘zgartirilganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, turnir 2027-yil 23-dekabrda boshlanib, final 21-yanvar kuniga belgilangan. Bungacha musobaqani 2027-yil 7-yanvardan 5-fevralgacha o‘tkazish rejalashtirilgandi.

Shu tariqa, qit’a chempionatining boshlanishi 350 kunga, ya’ni qariyb bir yilga kechiktirilmoqda.

Bu qaror OFK, tashkiliy qo‘mita va Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi ishtirokidagi keng qamrovli muhokamalardan so‘ng qabul qilingan.

Turnir boshlanish sanasining o‘zgarishiga Yaqin Sharqdagi keskin harbiy-siyosiy vaziyat sabab bo‘ldi. So‘nggi oylarda Yamandagi husiychilar Saudiya Arabistoni hududiga raketalar va dronlar bilan zarbalar berib kelmoqda. Bu esa xavfsizlik bilan bog‘liq jiddiy xavotirlarni keltirib chiqargandi.

Xususan, oktabr oyida Ar-Riyoddagi xalqaro aeroportga qilingan hujumlardan birida 12 kishi halok bo‘lib, 300 dan ortiq kishi jarohatlangandi.

OFK va turnir tashkilotchilari mintaqadagi «favqulodda vaziyat, jiddiy logistik murakkabliklar hamda transport qatnovlaridagi uzilishlar»ni taqvim o‘zgarishining asosiy omillari sifatida ko‘rsatgan.

Bundan avvalroq OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa ham xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashadigan bo‘lsa, turnir 2028-yilga qoldirilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, Osiyo kubogiga yo‘llanma olgan 24 ta milliy jamoa orasida O‘zbekiston ham bor. Fabio Kannavaro shogirdlari guruh bosqichida Iordaniya, KXDR va Bahraynga qarshi o‘ynaydi.

O‘yinlar o‘tkaziladigan shaharlar va stadionlar o‘zgarishi haqida hozircha hech qanday ma’lumot berilmagan. Yangi taqvimga ko‘ra, O‘zbekistonning guruh bosqichidagi o‘yinlari endi 2027-yil 24-dekabr (Iordaniyaga qarshi Jidda shahrida), 28-dekabr (Shimoliy Koreyaga qarshi Riyod shahrida) va 2028-yil 2-yanvar kunlari (Bahraynga qarshi Jidda shahrida) bo‘lib o‘tadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.