Siyosat

“Organ xodimi adolatni himoya qilishi kerak”, ammo qanday? Mavzu muhokamasi

25-oktabr — O‘zbekistonda IIO xodimlari kuni. Sana munosabati bilan Gazeta soha vakillarining portretini chizishga bag‘ishlangan suhbat tashkil qildi. Unda idealda IIO xodimi o‘zi kim ekani, qanday kasbiy va insoniy fazilatlarga ega bo‘lishi kabi masalalar haqida so‘z boradi.

“Organ xodimi adolatni himoya qilishi kerak”, ammo bu qanday bo‘lishi lozim? Mavzu muhokamasi

Bu yil O‘zbekiston IIO tizimi tashkil topganiga 35 yil to‘ldi. Katta tizim o‘rta yoshini nishonlamoqda. Xo‘sh, bugun mazkur soha nimalarni boshdan kechirmoqda? Aslida u qanday ishlashi kerak? IIO xodimi deganda kim ko‘z oldimizga kelishi lozim? Ular kimni himoya qilishga mas’ul?

Shu mavzuda inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov hamda siyosatshunos Hamid Sodiq o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Eslatib o‘tamiz, ushbu suhbatga IIVdan ham vakil taklif qilingan edi, biroq rasmiylardan hech kim kelmadi.

— Ichki ishlar organ xodimlari deganda kimni tasavvur qilish kerak? Ularning qiyofasi qanday?

Avvalo, Ichki ishlar vazirligi va uning tarkibidagi barcha xodimlarni kasb bayrami bilan tabriklaymiz. Chunki ular xalqimizning farzandlari, fidoyi o‘g‘lonlari sifatida o‘z kasbiy, professional faoliyatini olib bormoqda. Ularning ishi og‘ir ekanini men juda yaxshi bilaman. Chunki ichki ishlar xodimlari, ya’ni shaxsiy tarkib ham o‘zimizning o‘g‘illarimiz, qizlarimiz, aka-ukalarimizdan iborat. Boshqa sayyoraliklar emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda ularning sha’ni, qadr-qimmatiga juda keskin gaplar aytiladi, chunki jamoatchilik ko‘z o‘ngida ular osoyishtaligimizni saqlashga mas’ul bo‘lgan idora hisoblanadi. Umuman bu savolga javob berishdan oldin, dunyoda ichki ishlar degan organ bormi, bu nom qayerdan kelib chiqqan — shularga to‘xtalmoqchiman.

Masalan, butun dunyoda politsiya tushunchasi mavjud va butun tizim shu nom ostida birlashtirilgan. Hatto qo‘shni mamlakatlarimizda ham politsiya deb yuritiladi. Uning asosiy ustuvor vazifasi — jamoat osoyishtaligini saqlash. Lekin, afsuski, bizda ichki ishlar organlarining qamrovi nihoyatda keng.

Menda bor ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining shaxsiy tarkibi 143 500dan ortiq. Ya’ni bu — kattagina armiya. Agar armiya desak ham bo‘ladi. Har holda, kuch ishlatar tizimlari ichida eng yuqori, eng ko‘p sonli jamoa deyish mumkin. Davlat xavfsizlik xizmati yoki prokuratura organlarining salmog‘iga qarasak, bulardan 2−3, hatto 4 barobar katta idora.

Ikkinchidan, IIO xodimlari bevosita xalq bilan ishlaydigan, jamoatchilik orasiga kirib boradigan, demak, davlatchilikning barcha nuqtalaridagi jarayonlarda ishtirok etadigan o‘ziga xos idoraviy jamoa, deb aytish mumkin. Umuman olganda, hozirgi tizim Sovet zamonidan qolgan eski idoraviy uslublarda ishlamoqda. Biz bu tizim allaqachon politsiyaga aylantirilishi, ortiqcha tuzilmalar qisqartirilishi, ayrim vakolatlar boshqa idoralarga taqsimlanishi kerakligi haqida ko‘p gapirganmiz. Lekin avtoritar sharoitlarda, ya’ni Islom Karimov davrida ichki ishlar idoralari nihoyatda kuchayib, armiyaning o‘rnini bosadigan darajaga ham yetdi.

O‘sha paytda mudofaa va maxsus xizmatlarning salohiyati uncha yuqori bo‘lmagan. Keyinchalik IIVdan Milliy Gvardiyaga bir qism vakolatlar berildi, biroq shunga qaramay u baribir nihoyatda katta armiya bo‘lib qolmoqda, ya’ni ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga asoslangan. Tizim odamlarda bir tomondan qo‘rquv, bir tomondan ishonch uyg‘ota oladigan kattagina idora sifatida saqlanib qoldi. Bu idora rahbarlari hukumat portfelidagi eng noyob va zalvorli shaxslardan biri, desak bo‘ladi.

Masalan, shu paytgacha Almatov, Bobojonov (sobiq II vazirlari) bo‘ladimi yoki Aziz Toshpo‘latov (hozirgi II vaziri) bo‘ladimi — barchasi yuqori salohiyatli, o‘ziga yarasha avtoritar boshqaruvdagi odamlar bo‘lishgan.

Hamid aka, umuman boshqaruvda IIO xodimlari yoki ko‘p davlatlarda politsiya deb ataluvchi tashkilot vakillari kimga xizmat qilishi kerak? U kimni himoya qilishi lozim? Fuqaroni, davlatni yoki hokimiyatni degan savol ham bor.

Men ham avvalo ichki ishlar idoralari xodimlari — qaysidir ma’noda hamkasblarimni bayrami bilan tabriklayman. 10 yil davomida men ham shu tizimda o‘qib, ishladim va haqiqatdan ham bu ishning og‘irligini tushunish kerak, deb hisoblayman. Bugungi kunda birinchi navbatda bu idora o‘z funksiyasini bajaryapti, ya’ni yaxshi yoki yomonligi, sifatli yoki sifatsizligi boshqa masala, lekin O‘zbekistonda davlat tomonidan berilgan vakolatlar nuqtai nazaridan davlatning kuch ishlatar tizimi sifatida o‘z vazifasini bajarayotganini aytish kerak.

Agar bajarmaganida, qandaydir tartibsizlik yuzaga kelgan bo‘lardi. Lekin mening nazarimda, bugun bu tizim islohotga muhtoj. Hatto jiddiy islohotga muhtoj. Nima uchun? Chunki O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin biz kolonial ichki ishlar idoralari tizimini butunlay qabul qilib oldik. Bu idoraning bugungi falsafasida ham kolonial ichki ishlar idoralari sifatida ishlash turibdi. Ya’ni bunday tabiatdagi tizim xalqni eng katta xavf deb qabul qiladi. Kolonial davlatlar uchun bu normal.

Xalq ular uchun nega xavf? Chunki mustaqillikni yoki o‘z haq-huquqini talab qilib bosqinchilarni haydab yuborishi mumkin. Shunday dunyoqarash bilan kuch ishlatar tizimlari tashkil qilinadi va xalqni oldindan jinoyatchi sifatida ko‘radi. Shu falsafada tuzilgan ichki ishlar idoralarining mohiyati o‘zgarmaydi. Oldin NKVD (Narodnыy komissariat vnutrennix del) der edi, avval Cheka ham deyishgan, keyinchalik bular maxsus xizmatlar bilan ichki ishlar idoralariga bo‘linishgan. Demak, biz mustaqillikka erishar ekanmiz, Islom Karimov mutlaqo bu falsafani o‘zgartirishni istamadi.

Qanday bo‘lsa, shunday ichki ishlar idoralari, ya’ni MVD qanday bo‘ladigan bo‘lsa, IIV ham shunday bu tarafga o‘tdi. Lekin 2016-yildan keyin buning tabiati o‘zgara boshladi, ya’ni davlatda ma’lum bir erkinliklar boshlandi. Aynan shu erkinliklar ichki ishlar idoralari tabiatiga, faoliyatiga ta’sir ko‘rsatdi. Chunki ichki ishlar idoralariga qo‘rqitish imkoniyatini bermasangiz, uni olib qo‘ysangiz, ichki ishlar idoralarining obro‘yi tusha boshlaydi.

Chunki bunday tizim qo‘rqitib obro‘ to‘plab kelgan, bu oddiy qo‘rquv emas, institutsional qo‘rquv. Total qo‘rqitadi. Hozir bloger degan tushuncha bor, OAV ham ancha ochiq. Biror narsa qiladigan bo‘lsa, darhol ommaga ma’lum bo‘ladi va aynan shu holat ulardagi kadrlar yetishmasligiga sabab bo‘lyapti. Bugun ichki ishlar idoralari, men shaxsan o‘zim shu idorada ishlagan inson sifatida ichim achib gapiraman, har bir xodimiga oson emas. Men buni ich-ichimdan tushunaman.

Ularga berilgan yuklama, oyligining yetishmasligi, psixologik bosimlar, ustiga-ustak ommaviy axborot vositalari ham erkin bo‘lgani sayin ularga bosim o‘tkazaverishi qiyin vaziyatni yuzaga keltirgan. Shuning uchun tizimga javob beradigan odamlar o‘z oldiga jiddiy savol qo‘yishi kerak: biz qanday qilib kolonial belgilardan to‘liq xalos bo‘lamiz?

Bu savolga javob topilgandan keyin o‘zgarish bo‘ladi, xalq hokimiyatni olib qo‘yishi mumkin bo‘lgan ko‘pchilik sifatida emas, balki hokimiyatning manbai sifatida qaralishni boshlaydi. Shu yerning o‘zida ko‘p narsa hal bo‘ladi. Ana undan keyin biz bu tashkilotga kuch ishlatar tizim sifatida emas, balki huquqni muhofaza qiluvchi organ sifatida qaray boshlaymiz.

— Hamid aka, shu joyda organ xodimlari hokimiyatni emas, xalqni himoya qilishi kerak degan xulosaga kelsak bo‘ladimi? Lekin kolonial tafakkurdagi tizim hokimiyatni ko‘proq saqlab turishga xizmat qiladi. Shundaymi?

Hamid Sodiq:

Hokimiyatni saqlab turish va elita­ni himoya qilishni ustuvor ko‘radi. Ya’ni bu ich-ichigacha singib ketadi. Umuman butun huquqni muhofaza qiluvchi organlar, prokuratura deymizmi, sud organlari — hammasida shunday. Ayrim hokimlarni eslaylik, binoning ichidagi odami bilan buzib tashlashni buyursa ham IIO vakillari jim kuzatadi. Mana shuning o‘zi tabiatni ko‘rsatadi.

Ya’ni rahbar elita nimani aytadigan bo‘lsa, qonun keyingi darajaga tushib ketadi. Agar qonun doirasiga qaytilsa, “muhtaram hokim, bunday qilish mumkin emas”, — deb ayta oladigan, ya’ni huquq va adolatni himoya qiladigan ichki ishlar idoralari xodimi shakllanadi. Bu hokimiyatni himoya qilmaydi degani emas. Hokimiyatni adolat tarafida turib himoya qilish kerak.

O‘shandagina xalqni ham adolat tarafida turib himoya qila oladi va keyin boshqa kadrlar ham kelishni boshlaydi. Umuman kolonial ichki ishlar idoralarining qo‘rqitish xususiyatini olib qo‘ysangiz bo‘ldi, hech kim ularga qiziqmaydi. Chunki tashkilotga intiladigan yoshlarga inson taqdirini savdo qilish imkoniyati qiziq.

Abdurahmon aka, IIO xodimlariga oid jinoyat ishlari, qamalga doir xabarlar e’lon qilinsa, tizim ularni “adashib kirib qolganlar” deb ataydi.

Shu nuqtada umuman ularning qanday kasbiy etika va insoniy fazilatlarga ega bo‘lishi haqida ham gaplashsak. Bu borada dunyoda manzara qanday?

Umuman butun dunyoda ham politsiyaga nisbatan odamlarda bir yovqarash bor. Bu — umumiy tendensiya, xalqaro miqyosda shunday. Masalan, Amerikaga, Hindistonga, Malayziyaga borasizmi, hammasida shunday kayfiyatni uchratish mumkin. Umuman olganda, IIO tizimi Sovet davrida markaziy boshqaruvning bir bo‘lagi sifatida meros bo‘lib kirib keldi. Masalan, YHX tizimi 25 yil davomida Konstitutsiyaviy qonunsiz faoliyat yuritib keldi.

Bir tomondan ularning huquqlari ham kamsitildi. Chunki ularning huquqini himoya qiladigan qonunning o‘zi yo‘q edi. Muvaqqat nizom bilan ishladi. Masalan, biz ichki ishlar vazirligining xodimi noqonuniy lavozimdan olingan bo‘lsa, uni sudga bersak, sud ham qabul qilmasdi, chunki qonun yo‘q edi.

2015-yildan keyin qonun qabul qilindi, lekin u ham to‘laqonli qabul qilinmadi. Biz 2000-yillarda ichki ishlar idoralari to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha xalqaro tashkilotlar orqali ham Karimov hukumatiga ko‘p murojaat qildik, qabul qilaylik, bularning faoliyati qonunlashsin dedik, Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi qonunni qabul qilaylik, bular qonundan tashqari ishlayapti dedik.

Afsuski, bunga hukumat, davlat quloq solmadi va natijada ularda “biz — o‘zimizni vatanga fido qilgan farzandlarmiz” degan ijtimoiy ong shakllandi. Xizmat mashinalariga qarasangiz, “VSF” deb yozib qo‘yilgan, ya’ni “vatanga sodiq farzandlar”. Vatanga sodiqlik, vatanparvarlik bo‘lishi kerak, lekin ozgina kalla ham ishlashi kerak. Bilim ham bo‘lishi kerak. Men bu yerda huquqiy bazaga ham e’tibor qarataman, chunki ichki ishlar xodimlarining huquqiy savodxonligi bilan bog‘liq ko‘plab vaziyatni amaliyotda uchratamiz.

Bular o‘ziga xos himoyalanish yo‘llarini kashf qilishdi. Qovun tushirib qo‘yadiganlari yoki jinoyatga qo‘l urib qo‘yadiganlari bo‘lsa, bu bizdan emas deydi. Shunchalik vatanparvarlikka kirishib ketdiki, blogerlarning tanqidlarini ham vatanga qarshi bir isyon deb qabul qilishyapti. Siz go‘yoki ular sodiq bo‘lgan bir maskanni, hukmdorlarini tanqid qilib boshlasangiz, birdaniga “vatanga qarshi ekan” degan zehniyat paydo bo‘ladi.

Vatanni himoya qilayotgan odamlarning o‘zida dunyoqarash darajasi yuqori bo‘lishi kerak. Shu yil boshida Ichki ishlar vaziri bilan suhbatlashdim. Bu odam menda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Qaysi ma’nodaki, birinchidan juda mehnatga chanqoq. Masalan, boshqa idoralar, vazirlar bilan ham suhbatlashib turamiz, ularda bunaqangi shijoatni ko‘rmaysiz.

Suhbatimiz chog‘ida vazir hazilomuz bir-ikki gap aytdi. Uning aytishicha, maktabni 3−4 ga bitirganlar militsiya bo‘larkan. Endi bu e’tirofning o‘zi vaziyatning yaxshi emasligini ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan bugun jiddiy isloh qilinishi kerak bo‘lgan narsalar bor.

Yaqinda matbuot anjumani uyushtirib, bloger va jurnalistlarga do‘q-po‘pisa qilishni ham boshlashdi. Kechirasizlar, bunday zamonlar o‘tib bo‘lgan. Hozir qo‘rqitish yoki manipulyatsiya, psixologik ta’sir o‘tkazish usullari qoloq usullar hisoblanadi.

Ko‘rsatuv davomida organ faoliyati qanday baholab kelinayotgani, samaradorlikni baholashdagi asosiy mezonlar, hisobdorlik, muammolarga uzoq va yaqin muddatli yechimlar haqida ham so‘z yuritildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.