Omskdagi yong‘inda jarohatlangan ikki nafar o‘zbekistonlik reanimatsiyadan oddiy palataga o‘tkazildi — TIV
Omskda qurilayotgan ko‘p qavatli uydagi yong‘inda jarohatlangan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosining ahvoli yaxshilanmoqda. Ular reanimatsiyadan oddiy palatalarga o‘tkazildi. Masala O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsulxonasi tomonidan alohida nazoratga olingan

TIV xabariga ko‘ra, Omskdagi yong‘inda jabrlangan ikki o‘zbekistonlik reanimatsiyadan oddiy palataga o‘tkazildi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning Gazeta’ga ma’lum qilishicha, Omskda qurilayotgan ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan yong‘in natijasida jarohat olgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi reanimatsiya bo‘limidan oddiy palatalarga ko‘chirilgan. Ularning ahvoli hozirda xavotirli emas.
Yong‘in 15-avgust kuni Omskning “Dravert kvartallari” kichik tumanidagi qurilish maydonchasida yuz bergan edi. Hodisa oqibatida 11 kishi kasalxonaga yotqizilgan, ulardan uchtasi keyinchalik uyiga javob berilgan. Kasalxonaga yotqizilganlardan biri, Tojikiston fuqarosi, vafot etgan. Jabrlanganlarning barchasi pudratchi quruvchilar bo‘lgan.
Keyinchalik jabrlanganlardan ikki nafari O‘zbekiston fuqarosi ekanligi aniqlangan va ular og‘ir ahvolda reanimatsiyaga joylashtirilgan edi.
Fayziyev jabrlangan vatandoshlarning hozirgi sog‘lig‘i haqidagi savolga javob berar ekan, shunday dedi: “Omskdagi 1-sonli tez tibbiy yordam kasalxonasi ma’lumotiga ko‘ra, Omsk kichik tumanidagi yong‘in oqibatida jarohat olgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi keyingi davolanishni davom ettirish uchun oddiy palatalarga o‘tkazildi”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vatandoshlarning ahvoli shifokorlarda xavotir uyg‘otmayapti. Fayziyev qo‘shimcha qildi: “Masala O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsulxonasi tomonidan alohida nazoratga olingan”.

