Tataristonda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni oshdi
Ukrain droni zarbasi oqibatida O‘zbekistonning sakkiz fuqarosi halok bo‘lib, yana bir necha o‘zbekistonlik yaralangan.

Tataristonning Nijnekamsk shahrida ukrain dronining hujumi natijasida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni 8 nafarga yetdi, shuningdek, bir necha O‘zbekiston fuqarosi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, jabrlanganlar qurilish korxonasida ishchi bo‘lib faoliyat yuritgan. Mahalliy rasmiylarning xabariga ko‘ra, tungi hujum vaqtida dronlardan biri Nijnekamskdagi sanoat zonasida joylashgan, ishchilar yashaydigan yotoqxonaga zarba bergan. Ushbu hujum oqibatida Tojikistonning ikki fuqarosi ham hayotdan ko‘z yumgan.
Tatariston rahbari Rustam Minnixanov O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlariga hamdardlik telegrammasi yuborgan.
Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi 10-avgustga o‘tar kechasi Rossiyaning "harbiy salohiyatini pasaytirish doirasida" Ukraina mudofaa kuchlari bo‘linmalari "Taneko" neftni qayta ishlash zavodini (Nijnekamsk, Tatariston Respublikasi, RF) nishonga olganini va "ob’yektda yong‘in kelib chiqqanini" ma’lum qildi.
O‘zbekiston FVV xabarida aytilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzilgan. Ushbu komissiyaga jabrlangan fuqarolarning holidan xabar olish, ularga zarur yordam ko‘rsatish, halok bo‘lganlarni maxsus reys orqali havo transportida olib kelish va tegishli manzillarga yetkazish, shuningdek, ularning oila a’zolariga har tomonlama ko‘maklashish vazifalari yuklatilgan.
Hozirda Rossiya Federatsiyasiga maxsus ishchi guruh yuborilgan bo‘lib, barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Jabrlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari haqida tezkor ma’lumot olish uchun quyidagi raqamlarga murojaat qilish mumkin:
* O‘zbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsuli: +79656007979
* Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi: +79257508757, +9251270002

