Omskdagi yong‘inda jarohatlangan o‘zbekistonliklar reanimatsiyada qolmoqda
O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Omskdagi 1-sonli tez tibbiy yordam shifoxonasiga borib, vatandoshlar holidan xabar olgan.

Omskda yuz bergan yong‘inda jarohatlangan o‘zbekistonliklar reanimatsiya bo‘limida qolmoqda.
Rossiyaning Omsk shahrida 15-avgust kuni qurilish maydonida sodir bo‘lgan yong‘in natijasida jabrlangan ikki O‘zbekiston fuqarosining ahvoli jiddiy bo‘lib qolmoqda.
"Dunyo" axborot agentligining xabar berishicha, O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Omskdagi 1-sonli tez tibbiy yordam shifoxonasiga tashrif buyurib, vatandoshlar holidan xabar olgan.
Navbatchi shifokorning ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro I.Z. kuyish jarohatlari bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan, uning ahvoli og‘ir va sun’iy nafas oldirish apparatiga (IVL) ulangan. Ikkinchi fuqaro O.E. hozirda yiringli-septik bo‘limi reanimatsiyasida bo‘lib, uning ham ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.
Hozirda rossiyalik shifokorlar moskvalik hamkasblari bilan videokonferensiya orqali konsilium o‘tkazmoqda va Rossiya tomoni jarohatlanganlarni sog‘lomlashtirish jarayoniga alohida e’tibor qaratmoqda, deyiladi xabarda.
17-avgust kuni bosh konsul shifoxona bosh shifokori, kuyish va yiringli-septik bo‘limlari mudirlari hamda tibbiyot xizmati rahbari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Mazkur masala bosh konsulxonaning alohida nazoratiga olingan.
Eslatib o‘tamiz, hodisa 15-avgust kuni "Kvartali Draverta" turar joy majmuasi hududida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in payvandlash ishlari vaqtida qurilish materiallarining alangalanib ketishi natijasida kelib chiqqan.
Voqea joyida bo‘lgan 11 nafar ishchi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan uchtasi tibbiy ko‘rikdan so‘ng javob berilgan, sakkiz nafari jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, ushbu bemorlarda 20 foizdan 90 foizgacha kuyish holatlari qayd etilgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasining hududiy boshqarmasi dastlab jabrlanganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekani haqida xabar tarqatgandi. Ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ulardan faqat ikki nafari O‘zbekiston fuqarosi ekanini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, "Omsk inform" nashri yong‘in oqibatida bir kishi vafot etgani haqida xabar bergan.

