Kuzbassda og‘ir jarohat olgan o‘zbekistonlik Toshkentga olib kelinadi
Rossiyaning Kuzbass hududida balandlikdan yiqilib, og‘ir jarohat olgan O‘zbekiston fuqarosini davolanishni davom ettirish uchun aviareys orqali Toshkentga olib kelish choralari ko‘rilmoqda. Ayni paytda uning ahvoli barqaror, hayoti uchun xavf yo‘q.

Kuzbassda jiddiy jarohat olgan o‘zbekistonlik fuqaro Toshkentga olib kelinadi.
"Dunyo" axborot agentligining xabar berishicha, O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsuli Aslam Akbarov Kuzbass klinik konchilar salomatligini muhofaza qilish markazining neyroxirurgiya bo‘limida davolanayotgan O‘zbekiston fuqarosi B.T.ning ahvolidan xabar oldi.
Bosh konsul tibbiyot muassasasida bemorning holati bilan tanishib, uni davolayotgan shifokor bilan suhbatlashdi. Shifokorning ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi balandlikdan yiqilish natijasida to‘rtta umurtqasi, qovurg‘alari, oyoq panjasi va tizzasidan jarohat olgan.
Unga zudlik bilan umurtqa va tizza bo‘g‘imida ikkita jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Shuningdek, bemorning harakatlanishini barqarorlashtirish maqsadida zarur maxsus tibbiy moslamalar o‘rnatilgan.
Hozirda bemorning ahvoli barqaror deb baholanmoqda va shifokorlarning ta’kidlashicha, uning hayoti uchun xavf yo‘q.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligining Novosibirskdagi vakolatxonasi hamkorligida vatandoshning davolanishini O‘zbekistonda davom ettirish masalasi hal qilinmoqda. Xususan, uni aviareys orqali Toshkentga yetkazish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.

