“Oltin to‘p”ni kim oladi? Rafinya javob berdi

“Oltin to‘p”ni kim qo‘lga kiritadi? Rafinya javob berdi
“Barselona”ning braziliyalik vingeri Rafinya jamoadoshi Lamin Yamal “Oltin to‘p”ga munosib ekanini aytdi. Kataloniyaliklar sardori 19 yoshli ispaniyalik futbolchini jahon futbolidagi eng nufuzli individual mukofot uchun kurashda qo‘llab-quvvatladi.
Bunga Lamin Yamalning ijtimoiy tarmoqdagi posti sabab bo‘ldi. Yosh hujumchi “Rasing”ga qarshi g‘alabali uchrashuvdan suratlarni joylashtirdi. Rafinya jamoadoshining postini e’tiborsiz qoldirmadi. Uning izohi qisqa, ammo mazmunli bo‘ldi:
“Sen fenomensan. Mening ‘Oltin to‘p’im”.
Ispaniya sport nashrlari Rafinyaning bu harakatini Yamalni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan norasmiy media kampaniyaning boshlanishi sifatida baholadi. Braziliyalik futbolchining so‘zlari uning “ko‘k-anorranglilar” kiyinish xonasidagi obro‘sini ham ko‘rsatadi.
Ayni paytda braziliyalik va ispaniyalik futbolchidan iborat tandem La Ligada samarali o‘yin ko‘rsatib, Hansi Flik jamoasi hujumining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, Yamal 2026-yilgi “Oltin to‘p” uchun kurashdagi asosiy da’vogarlardan biri hisoblanadi. U o‘tgan mavsumda Ispaniya Superkubogi va La Ligada zafar quchdi.
“Oltin to‘p” topshirish marosimi tarixda ilk bor Londonda o‘tkaziladi. France Football va UEFA hamkorligidagi tadbir 26-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Marosimning Parijdan Londonga ko‘chirilishi sovrinning ilk sohibi ser Stenli Metyuz tavalludining yubileyiga bag‘ishlangan.
O‘tgan yili “Oltin to‘p”ni PSJ hujumchisi Usmon Dembele qo‘lga kiritgan.

