“Oltin to‘p” kimga nasib etadi?

“Oltin to‘p” kimga nasib etadi?
Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” klubi bosh murabbiyi, ispaniyalik mutaxassis Luis Enrike 2026-yilgi “Oltin to‘p” sovrini parijliklar futbolchisiga berilishi kerakligini aytdi.
O‘tgan mavsumda “PSJ” Fransiya chempionligini qo‘lga kiritdi va Chempionlar Ligasida ketma-ket ikkinchi bor zafar quchdi. Jamoaning muvaffaqiyatli o‘yinlari sabab uning bir nechta futbolchisi nufuzli individual mukofotga asosiy da’vogarlar sifatida ko‘rilmoqda.
“Menimcha, ‘Oltin to‘p’ni ‘Pari Sen-Jermen’ futbolchisi olishi kerak”, deydi Enrike.
Avvalroq Enrike Ispaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Fabian Ruisni alohida e’tirof etgandi. Ispaniyalik futbolchi parijliklarning klub darajasidagi yutuqlarida muhim rol o‘ynadi, 2026-yil yozida esa milliy jamoasi bilan birga Jahon chempioni bo‘ldi. Enrike aynan Ruisni “Oltin to‘p” uchun eng munosib nomzodlardan biri deb hisoblaydi.
“PSJ” safidagi yana bir da’vogar sifatida gruziyalik vinger Xvicha Kvaratsxeliya muntazam tilga olinmoqda. U o‘tgan mavsumda parijliklarning Chempionlar Ligasidagi g‘alabali yurishida asosiy futbolchilardan biriga aylandi va uning o‘yinlari mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. U YCHLning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Da’vogarlar ro‘yxatidan “PSJ” va Fransiya terma jamoasi hujumchisi Usmon Dembele ham o‘rin olgan. U “Oltin to‘p”ning amaldagi sohibi hisoblanadi. Fransiyalik futbolchi 2025-yil yakunlariga ko‘ra, parijliklar safida o‘tkazgan ajoyib mavsumidan so‘ng ushbu mukofotga sazovor bo‘lgandi.
2026-yilgi “Oltin to‘p” taqdirlash marosimi 26-oktyabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadi. Bu tadbir tarixda ilk bor Angliya poytaxtida o‘tkaziladi.

