Oltin qazib olish reytingi: 15 yilda nimalar oʻzgardi?
Soʻnggi 15 yil ichida jahon oltin qazib olish sanoatida kuchlar nisbati sezilarli darajada oʻzgardi. Xitoy yetakchilikni saqlab qolgan boʻlsa, Rossiya ikkinchi oʻringa koʻtarildi. Kanada va Gana ham ishlab chiqarishni keskin oshirdi. AQSH va Janubiy Afrika Respublikasi esa aksincha, jahon reytingida bir necha pogʻona pastladi.

Oltin qazib olish reytingida 15 yillik oʻzgarishlar: Visual Capitalist tomonidan taqdim etilgan infografikada mamlakatlarning 2010 va 2025-yillardagi oltin qazib olish hajmlari solishtirildi. World Gold Council statistik maʼlumotlariga asoslangan ushbu tahlil 2025-yil dekabr holatini aks ettiradi.
Xitoy har ikki davrda ham dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi davlat maqomini saqlab qoldi. Mamlakatda yillik oltin qazib olish hajmi 2010-yildagi 351 tonnadan 2025-yilda 384 tonnaga yetdi.
Rossiyada esa sezilarli oʻsish kuzatildi. 2010-yilda 203 tonna oltin qazib olingan boʻlsa, 2025-yilga kelib bu koʻrsatkich 345 tonnaga yetdi. Natijada Rossiya jahon reytingida beshinchi oʻrindan ikkinchi oʻringa koʻtarildi.
Avstraliya ham dunyodagi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchilar qatorida qoldi, biroq reytingda ikkinchi oʻrindan uchinchi pogʻonaga tushdi. Shunga qaramay, Avstraliyada oltin qazib olish hajmi oʻsib, 2025-yilda 293 tonnani tashkil etdi.
Shu tariqa, 2025-yilda Xitoy, Rossiya va Avstraliyaning oʻzi jami 1 ming tonnadan ortiq oltin qazib oldi.
Soʻnggi 15 yilda oltin bozorining anʼanaviy yetakchilaridan ayrimlari oʻz mavqeini sezilarli darajada yoʻqotdi. Xususan, AQShda oltin qazib olish hajmi 2010-yildagi 231 tonnadan 2025-yilda 157 tonnagacha kamaydi. Natijada mamlakat jahon reytingida uchinchi oʻrindan yettinchi oʻringa tushib qoldi.
Janubiy Afrika Respublikasida pasayish yanada keskin boʻldi. Mamlakatda oltin qazib olish hajmi 15 yil ichida ikki barobardan koʻproq qisqarib, 210 tonnadan 99 tonnaga tushdi. Bu oʻzgarish ayniqsa JAR uchun ahamiyatli, chunki mamlakat tarixan jahon oltin sanoatining eng yirik markazlaridan biri hisoblangan. Yangi raqamlar global oltin qazib olish geografiyasi tobora oʻzgarib borayotganini koʻrsatadi.
Kanada esa aksincha, eng katta oʻsish qayd etgan davlatlardan biri boʻldi. 2010-yilda 102 tonna oltin qazib olingan boʻlsa, 2025-yilga kelib ishlab chiqarish 213 tonnaga yetdi. Yaʼni Kanada 15 yil ichida oltin qazib olishni ikki barobardan koʻproq oshirdi va jahon reytingida sakkizinchi oʻrindan toʻrtinchi oʻringa koʻtarildi.
Gana ham oʻz mavqeini sezilarli darajada mustahkamladi. Mamlakat oltin qazib olish hajmini qariyb ikki barobar oshirib, 2025-yilda 187 tonnaga yetkazdi. Bu natija Ganaga jahon reytingida oltinchi oʻrinni egallash imkonini berdi.

