Olimlar oʻlgan fillar atrofiga hayvonlar nega koʻproq kelishini aniqladi
Janubiy Afrikadagi Kryuger milliy bogʻida oʻtkazilgan tadqiqot fil qoldiqlari tuproq, oʻsimliklar va oʻtxoʻr hayvonlarning oziqlanishiga yetti yildan ortiq taʼsir qilishini koʻrsatdi. Bunday joylarda oʻtlar toʻyimliroq boʻlgan, ammo oʻsimliklar va tuproq mikroorganizmlarining xilma-xilligi kamaygan.

Olimlar oʻlgan fillar atrofida nega boshqa hayvonlar koʻproq toʻplanishini aniqladi
Bu haqdagi ilmiy ish Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida eʼlon qilingan.
Fillar tirik paytida koʻp miqdorda oʻsimlik isteʼmol qilib, shoxlarni sindirishi va baʼzan daraxtlarni yiqitishi orqali savanna manzarasini oʻzgartiradi. Tadqiqotchilar ularning oʻlimidan keyin ekotizimga taʼsiri qancha muddat saqlanishini oʻrgandi.
Olimlar fillar oʻlgan 40 ta hududni tekshirgan. Qoldiqlarning yoshi sakkiz kundan 2814 kungacha, yaʼni qariyb 7,7 yilgacha boʻlgan.
Har bir joyda fil qoldiqlaridan 0,5 va 2,5 metr uzoqlikdagi tuproq hamda oʻsimliklar tahlil qilingan. Natijalar 15 metr masofadagi nazorat maydonlari bilan solishtirilgan. Shuningdek, mikroorganizmlar DNKsi oʻrganilib, hayvonlarning oziqlanishi fototuzoqlar orqali kuzatilgan.
Eng katta oʻzgarish tuproqning kimyoviy tarkibida aniqlangan. Fil qoldiqlari yaqinida ammoniy miqdori nazorat maydonlariga nisbatan oʻrtacha 31 baravar, nitratlar yetti baravar, fosfor esa uch baravar yuqori boʻlgan.
Baʼzi yangi qoldiqlar yonida tuproqdagi azot birikmalari miqdori odatdagi darajadan qariyb 3000 baravargacha oshgan. Bunga koʻp tonnali hayvon tanasi parchalanishi natijasida katta hajmdagi organik moddalar tuproqqa tushishi sabab boʻlgani aytilgan.
Biroq ozuqa moddalari koʻpligi oʻsimliklar uchun har doim ham foydali boʻlmagan. Ammoniyning juda yuqori konsentratsiyasi ularga zaharli taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu bois yangi qoldiqlar atrofida oʻsimliklar oʻsishi uchun noqulay sharoit yuzaga kelgan.
Fil qoldiqlari yaqinida oʻsimliklar xilma-xilligi nazorat maydonlaridagidan ancha past boʻlgan. Bu tafovut hatto 7,7 yillik qoldiqlar atrofida ham saqlanib qolgan.
Tuproqdagi bakteriyalar va zamburugʻlar xilma-xilligi ham kamaygan. Shu bilan birga, organik moddalarni parchalovchi mikroorganizmlar faolligi bir-ikki yil davomida yuqori boʻlib qolgan.
Qizigʻi, bunday joylarda oʻsishga muvaffaq boʻlgan oʻtlar toʻyimliroq boʻlgan. Ularning barglaridagi azot miqdori nazorat maydonlariga nisbatan oʻrtacha 1,5 baravar yuqori chiqqan. Bu holat eski qoldiqlar atrofida ham kuzatilgan.
Fototuzoqlar impala antilopalari va buyvollar fil qoldiqlari yaqinida nazorat maydonlariga qaraganda taxminan uch baravar koʻproq oziqlanganini koʻrsatgan. Bunday faol oʻtlash fil oʻlganidan yetti yildan ortiq vaqt oʻtgach ham davom etgan.

