Olimlar global yashillashish ortidagi ekologik xavfni aniqladi
Sunʼiy yoʻldosh kuzatuvlari qurgʻoqchil hududlarda oʻsimlik qoplami koʻpayishi bilan birga, uning yildan-yilga oʻzgarishi ham kuchayganini koʻrsatdi. Yangi tadqiqotga koʻra, nam yillarda oʻsimliklar jadal oʻsmoqda, quruq yillarda esa suv tanqisligidan kuchliroq zarar koʻrmoqda.

Olimlar global yashillashish ortidagi ekologik xavfni aniqladi
Nature Climate Change jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda olimlar 1982–2020-yillarga oid sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini tahlil qilgan. O‘simliklar holatini baholash uchun ular barg maydoni indeksidan foydalangan. Bu ko‘rsatkich barglarning umumiy maydonini ular o‘sib turgan yer maydoniga nisbatan ifodalaydi.
Naked Science nashrining tadqiqot haqidagi sharhida aytilishicha, qurg‘oqchil hududlarning 82 foizida ushbu indeksning yillararo tebranishlari kuchaygan. Ya’ni nam va quruq yillardagi o‘simlik qoplami o‘rtasidagi tafovut kattalashgan.
O‘simliklar ko‘payganda, suvga ehtiyoj ham ortadi
Tadqiqotchilarning ehtimoliy izohiga ko‘ra, atmosferadagi karbonat angidrid miqdorining oshishi o‘simliklarga suvdan samaraliroq foydalanish va ko‘proq barg chiqarish imkonini berishi mumkin. Biroq kattalashgan o‘simlikni saqlab turish uchun ham ko‘proq resurs kerak bo‘ladi.
Shu bois nam yildan keyin qurg‘oqchilik yuz bersa, o‘simliklar mavjud suv hisobiga o‘z biomassasini ta’minlashda qiynalishi mumkin. Olimlar bu mexanizmlarni aniqlash uchun qo‘shimcha ma’lumotlar zarurligini ta’kidlamoqda.
Modellar kuzatilgan o‘zgarishni aks ettira olmagan
Mualliflar ko‘rib chiqqan 13 ta yetakchi global o‘simlik modeli kuzatuvlarda aniqlangan yillararo o‘zgaruvchanlikning ortishini aks ettira olmagan.
Bunday beqarorlik yog‘ingarchilikka tayanadigan dehqonchilik va yaylov chorvachiligi uchun qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Hosil hamda yaylov ozuqasi miqdorini oldindan baholash murakkablashadi.
Olimlar o‘simliklar mahsuldorligidagi keskin tebranishlar kattaroq ekologik o‘zgarishlarning erta belgisi bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Biroq tadqiqot qurg‘oqchil hududlar albatta nam ekotizimlarga aylanishini yoki o‘zgarishlar qaysi yo‘nalishda kechishini aniq belgilab bermaydi.

