Dunyo

Olimlar dalani tabiat ixtiyoriga topshirdi - 11 yildan soʻng u gulzorga aylandi

Buyuk Britaniyada qishloq xoʻjaligi uchun foydalanishdan chiqarilgan ikki gektarlik dala 11 yil ichida tabiiy ravishda turli oʻsimliklarga boy oʻtloqqa aylandi. Olimlar maydonga maxsus urugʻlar sepmagan va katta mablagʻ sarflamagan - inson aralashuvi asosan har yili kuzda oʻtlarni oʻrib olish bilan cheklangan. Natijada oʻsimlik turlari soni ikki baravar koʻpayib, dalada minglab orxideyalar paydo boʻlgan.

Olimlar dalani tabiat ixtiyoriga topshirib, 11 yildan soʻng uning gulzorga aylanganiga guvoh boʻlishdi.

Buyuk Britaniyaning Bodhem hududida joylashgan ikki gektarlik yer maydonida oʻtkazilgan ushbu tajriba London universitet kolleji professori Karl Seyer oilasiga tegishli boʻlgan.

2005-yilda hosil yigʻib olingach, ogʻir gilli tuproq va tabiiy drenaj bilan bogʻliq muammolar tufayli maydonga boshqa ekin ekmaslikka qaror qilindi. Professional agronomlar olimlarga oʻtloq gullarining qimmatbaho tijoriy urugʻ aralashmalarini sotib olib sepishni tavsiya qilishgan boʻlsa-da, Seyer bu yoʻldan voz kechib, ekotizim insonning faol aralashuvisiz qay darajada oʻzini tiklay olishini sinab koʻrishga qaror qildi.

Maydonda inson tomonidan amalga oshirilgan yagona asosiy tadbir anʼanaviy kuzgi oʻrim boʻlgan. Tajriba natijalari "Restoration Ecology" ilmiy jurnalida eʼlon qilingan tadqiqotda bayon etilgan.

Olimlar 2011-yildan 2022-yilgacha maydondagi oʻzgarishlarni muntazam kuzatib bordilar. Biologlar har ikki-uch yilda bir xil uchastkalarda oʻsadigan barcha oʻsimlik turlarini qayd etib borishdi.

Natijada, har bir kuzatuv uchastkasidagi oʻsimlik turlarining oʻrtacha soni ikki baravarga – 10 tadan 20 tagacha koʻpaydi. Avval qishloq xoʻjaligi uchun ishlatilgan va holdan toygan yer vaqt oʻtishi bilan tabiiy ravishda turli oʻt va gullarga boy oʻtloqqa aylandi.

Eng qizigʻi, maydonda sogʻlom ekotizimning belgisi hisoblanadigan bir qator kamyob oʻsimliklar ham paydo boʻldi. Ular orasida botqoq orxideyasi, qiyoq va kichik pogremok kabi turlar qayd etilgan.

Tadqiqot mualliflarining taxminicha, kamyob oʻsimliklar urugʻlari dalaga tabiiy yoʻl bilan yetib kelgan. Ularni yovvoyi hayvonlar juni va tuyoqlarida olib kelgan boʻlishi mumkin. Xususan, maydonga bugʻular muntazam kirib turgan. Shuningdek, urugʻlarning tarqalishida qushlar va shamol ham muhim rol oʻynagan boʻlishi mumkin.

Hozir mazkur dalada har yili minglab orxideyalar gullaydi. Ilgari oddiy qishloq xoʻjaligi maydoni boʻlgan hudud shu tariqa mahalliy diqqatga sazovor joylardan biriga aylangan.

Professor Karl Seyerning aytishicha, bu oʻtloq boʻylab sayr qilish goʻyoki oʻtmishga sayohat qilishdek taassurot uygʻotadi. Olimlar dalada tabiiy ravishda oʻsib chiqqan dastlabki orxideyalarni koʻrganda natijadan nihoyatda hayratlangan.

Tadqiqot mualliflari ushbu tajriba tabiiy oʻtloqlarni tiklashda doimo qimmat va murakkab choralar talab etilmasligini koʻrsatishini taʼkidlagan. Ayrim sharoitlarda tabiatga yetarli vaqt berish va minimal boshqaruvning oʻzi ham sezilarli natija berishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.