Mahalliy

Odam oʻldirishdan nomusga tegishgacha: Oʻzbekistonning qaysi hududlarida jinoyatlar eng koʻp qayd etilmoqda?

Odam oʻldirishdan nomusga tegishgacha: Oʻzbekistonning qaysi hududlarida jinoyatlar eng koʻp qayd etilmoqda?

Oliy sud 2026-yil I yarmida sodir etilgan ayrim jinoyatlar boʻyicha sudlanganlar sonini maʼlum qildi. Hisobotda ko‘rsatkichlar hududlar kesimida berilgan.

Tahlilga koʻra, olti oy ichida Oʻzbekistonda 179 nafar qasddan odam oʻldirish, 228 nafar nomusga tegish jinoyati bilan ayblangan shaxslarga hukm oʻqilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida 177 kishi odam oʻldirish, 110 kishi nomusga tegish jinoyati boʻyicha sudlangandi. Demak, har ikkala jinoyat soni oshgan.

Yarim yil davomida Toshkent viloyatida qasddan odam oʻldirish (33 ta) va nomusga tegish (34 ta) jinoyatlari eng koʻp qayd etilgan. Keyingi oʻrinlarni Samarqand (27 ta) va Fargʻona (26 ta) viloyatlari egallagan.

Hisobot davrida eng koʻp sodir etilgan jinoyatlar giyohvandlik bilan bogʻliq boʻlib, ularning soni 5 788 tani tashkil etgan. Shuning beshdan bir qismi, yaʼni 1273 tasi Toshkent shahrida qayd etilgan.

Olti oyda respublikada 1 789 ta bezorilik jinoyati sodir etilgan, eng katta ulush esa Surxondaryo viloyati hissasiga toʻgʻri kelgan — 299 ta.

Mamlakatda oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilishga oid 2 614 ta jinoyat sodir etilgan. Bu borada eng yuqori koʻrsatkich Andijon viloyatida qayd etilgan — 341 ta.

Qasddan badanga ogʻir va oʻrtacha ogʻirlikda tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq 1 376 ta jinoyat yuzasidan sud hukmi chiqarilgan. Nisbatan yuqori ulush Fargʻona viloyati hissasiga toʻgʻri kelgan — 211 ta.

Respublikada oʻgʻrilik boʻyicha 4 490 kishi sudlangan, ularning eng koʻp qismi Toshkent viloyatida qoʻlga olingan — 650 nafar.

Hisobot davrida ayollarga nisbatan zoʻravonlik va tazyiq oʻtkazish bilan bogʻliq koʻrilgan jinoyat ishlari soni 2 480 tani tashkil etgan. Natijada 1 624 ta ayblov hukmi chiqarilgan. Bu turdagi jinoyatni koʻproq 31-60 yoshdagilar sodir qilgan.

Avvalroq 2026-yil I yarmida Oʻzbekiston boʻyicha 11 ming 703 kishi ozodlikdan mahrum etilgani xabar qilingandi. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida bu koʻrsatkich 9 ming 570 ming nafar edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.