Oʻzbekiston sudlarida ko‘rilgan jinoyat ishlari soni olti oyda 29 foizga oshdi

Oʻzbekiston sudlarida koʻrilgan jinoyat ishlari soni olti oyda 29 foizga oshdi
2026-yilning I yarmida sudlarda koʻrilgan jinoyat ishlari soni 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 29 foizga koʻpaydi. Bu holat Oliy sud eʼlon qilgan hisobotda qayd etilgan.
Olti oy ichida Oʻzbekiston jinoyat ishlari boʻyicha sudlarida 49 705 kishining ishlari koʻrib chiqilgan. Bu koʻrsatkich 2025-yilning mos davridagiga qaraganda 11 197 taga koʻp.
Hisobotda jinoyat ishlari ijtimoiy xavflilik darajasiga koʻra toʻrt turga ajratilgan. Ular orasida eng koʻp koʻrilgani ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan deb tasniflangan ishlar boʻlib, ularning soni 22 066 tani tashkil etgan. Ushbu turdagi jinoyatlar ulushi 2025-yilning mos davridagiga nisbatan qariyb 50 foizga oshgan.
Yarim yilda sudlarda 11 428 ta uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat ishlari koʻrilgan. Bu raqam bir yil oldingiga nisbatan 12 foiz yuqori.
Sudlarda koʻrilgan ogʻir jinoyatlar soni 13 795 tani tashkil etgan — bu 2025-yilning mos davridagidan 18 foizga koʻp. Oʻta ogʻir jinoyatlar esa 2 416 ta boʻlib, bir yil avvalgi koʻrsatkichdan 19 foizga oshgan.
Yarim yil davomida sudlarda eng koʻp jinoyat ishlari Toshkent shahrida qayd etilgan — 6 639 ta. Keyingi oʻrinlarda Fargʻona (6 159 ta), Toshkent (5 498 ta) va Samarqand (5 461 ta) viloyatlarida nisbatan yuqori ulush qayd etilgan. Eng kam koʻrilgan jinoyat ishlari Sirdaryo viloyatida kuzatilgan — 1 304 ta.

