Ob-havo, futbol va soliqlar. Oʻzbekiston aholisi soʻnggi haftada Google tizimidan eng koʻp nimalarni qidirdi

Ob-havo, futbol va soliqlar. Oʻzbekiston aholisi oxirgi haftada Google tizimidan eng koʻp nimalarni qidirdi
Ob-havo prognozini bilish, futbolni kuzatish va soliq masalalarini hal qilish — aynan shu mavzular oxirgi yetti kun ichida Oʻzbekiston aholisini eng koʻp qiziqtirdi. Google Trends tizimida «pogoda» (ob-havo) soʻrovi 100 mingdan ortiq murojaat bilan birinchi oʻrinni egalladi, alohida mavzular orasida esa futbol yaqqol ajralib turdi.
Google Trends maʼlumotlariga koʻra, 5 oktyabr holatiga koʻra, bir hafta ichida mamlakatda 95 ta soʻrov ommalashgan. Ob-havo ushbu roʻyxatda bir necha bor uchraydi: «pogoda zavtra» (ertangi ob-havo) soʻrovi bir necha bor 50 minglik koʻrsatkichdan oshgan. Foydalanuvchilar Toshkent uchun prognozlarni izlashgan, soʻrovlarni ingliz (weather) va turk (hava durumu) tillarida kiritishgan. Roʻyxatda alohida tarzda «volna poxolodaniya» (sovuq havo toʻlqini) ham qayd etilgan — 2 mingdan ortiq murojaat.
Futbol roʻyxatda 34 ta pozitsiyani egallagan. Terma jamoalarning toʻrtta oʻyini boʻyicha soʻrovlarning har biri 10 minglik koʻrsatkichdan oshgan: «Portugaliya – Norvegiya», «Ispaniya – Chexiya», «Xorvatiya – Angliya» va «Daniya – Portugaliya».
Yana oltita uchrashuv 5 mingdan ortiq soʻrov toʻplagan: «Argentina – Burkina-Faso», «Argentina – Boliviya», «Frantsiya – Italiya», «Belgiya – Frantsiya», «Avstraliya – Braziliya» va yoshlar terma jamoalari oʻrtasidagi «Xitoy U-23 – Oʻzbekiston U-23» uchrashuvi.
Futbolchilar orasida Oʻzbekiston aholisi Lamin Yamal, Zlatan Ibragimovich, Erling Xoland va Rafinyani qidirishgan.
Ikkinchi yirik guruhni pul va maishiy xizmatlar bilan bogʻliq soʻrovlar tashkil etdi. «Nalog» (soliq), «pensionniy fond» (pensiya jamgʻarmasi) va «gaz» soʻrovlarining har biri 5 mingdan ortiq murojaat toʻplagan. Roʻyxatda shuningdek, avtokredit, bank, pensiya, ishsizlik, oʻzini oʻzi band qilish va valyuta kursi ham bor.
«Den uchitelya» (Oʻqituvchilar kuni) 5 mingdan ortiq, «uchitel» (oʻqituvchi) esa 2 mingdan ortiq soʻrov toʻplagan.
Texnologik soʻrovlar orasida ikkitasi ajralib turadi. ChatGPT 10 mingdan ortiq murojaat toʻplab, ob-havo yoki futbol bilan bogʻliq boʻlmagan ushbu darajadagi yagona soʻrovga aylandi. Gemini AI esa mingdan ortiq soʻrov toʻplagan.
Boshqa trendlar qatorida — «Anatoliy Kashpirovskiy» va «myaso» (goʻsht) (har biri 5 mingdan ortiq murojaat), «viza», «svadba» (toʻy), «mototsikl» va «arest» (hibs) (har biri 1 mingdan ortiq), «vimogatelstvo» (tovlamachilik) (500 dan ortiq) va «moshennichestvo» (firibgarlik) (100 dan ortiq) bor.

