OAV: Polsha «UIA yili» mojarosi sabab Ukrainaga yirik qurol paketini toʻxtatdi
Polsha Ukrainaga yirik harbiy yordam paketini joʻnatishni vaqtincha toʻxtatgani xabar qilindi. Ukraina OAV manbalari buni Lviv viloyati kengashining 2027-yilni Ukraina isyonchilar armiyasi - UIA yili deb eʼlon qilish qarori bilan bogʻlamoqda. Polsha TIV esa Kiyev bahsli qaror kuchga kirmasligini vaʼda qilganini bildirdi.

OAV: Polsha «UIA yili» mojarosi tufayli Ukrainaga yirik qurol yetkazib berishni toʻxtatdi
«RBK-Ukraina» va «Ukrainskaya pravda» 21-oktabr kuni oʻz manbalariga tayanib yozishicha, Lviv viloyati kengashining qarori Polsha katta qurol paketini yuborishga tayyorlanayotgan vaqtda qabul qilingan.
Kengash 2027-yilni UIA, uning qoʻmondoni Roman Shuxevich va Ukraina millatchilari tashkiloti vakili Oleg Oljichga bagʻishlashni maʼqullagan.
«RBK-Ukraina» suhbatdoshining aytishicha, aynan shu qarordan keyin harbiy yordam paketining yetkazib berilishi toʻxtatilgan. Muammoni bartaraf etish uchun yopiq diplomatik kanallar orqali muzokaralar olib borilmoqda. Xabarlarda muayyan yirik qurol paketi haqida soʻz bormoqda.
Polsha tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Marchin Bosatskiy Polsat News telekanaliga bergan intervyusida Kiyev bilan bahsli qaror kuchga kirmasligi yuzasidan kelishuvga erishilganini aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, Varshava aralashuvidan soʻng «UIA yili» haqidagi rezolyutsiya Lviv viloyati kengashi saytida olib tashlangan.
«Biz Ukraina hukumatiga ishonamiz va bu vaʼdalar bajarilishini kutamiz», - degan Bosatskiy.
UIAga munosabat Polsha va Ukraina oʻrtasidagi tarixiy kelishmovchiliklardan biri hisoblanadi. Polshada bu tashkilot Ikkinchi jahon urushi davrida Volinda polyaklarning ommaviy oʻldirilishida aybdor deb qaraladi.
DW eslatishicha, may oxirida Volodimir Zelenskiyning Ukraina Qurolli kuchlari boʻlinmalaridan biriga «UIA qahramonlari» faxriy nomini berishi ham Polshada keskin tanqidga sabab boʻlgan.
Iyun oyida Polsha prezidenti Karol Navrotskiy Zelenskiyni mamlakatning eng oliy davlat mukofoti — Oq burgut ordenidan mahrum qilgan. Shundan soʻng bir qator ukrainalik rasmiylar va sobiq prezidentlar Polsha davlat mukofotlaridan voz kechgan.
11-iyul kuni Volin fojiasi qurbonlari xotirasi yod etilganda, Polsha bosh vaziri Donald Tusk «xotira nafratga xizmat qilmasligi kerak»ligini aytgan. Mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish ham yarashuv muhimligini taʼkidlagan.
17-iyulda esa Zelenskiy Volin voqealariga oid Ukraina maxsus xizmatlari arxivlarini ochish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganini maʼlum qilgan edi.

