Janubiy Koreya Ukrainadagi elchisini chaqirib oldi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy shimoliy koreyalik ikki asir Seulga berilganini oshkor qilgach, diplomatik mojaro chiqdi. Janubiy Koreya sirni ochmaslik kelishuvini buzgan Kiyevdan rasmiy tushuntirish va uzr talab qilib, o‘z elchisini chaqirib oldi. Muloqotlar davom etmoqda.

Janubiy Koreya Ukrainadagi elchisini chaqirib oldi
Janubiy Koreya Kiyevning ikki nafar shimoliy koreyalik harbiy asirni Seulga topshirgani haqidagi ma’lumotni oshkor qilgani ortidan yuzaga kelgan diplomatik mojaro sabab Ukrainadagi elchisi Pak Ki Channi chaqirib oldi.
“Janubiy Koreya hukumati Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yaqinda ikki nafar shimoliy koreyalik askarning Seulga topshirilgani to‘g‘risidagi ma’lumotni ommaga e’lon qilgani munosabati bilan rasmiy tushuntirish va uzr so‘rashni talab qilmoqda”, — deyiladi bayonotda.
Bu qaror prezident Li Chje Myon “Agar Ukraina hukumati faktlarni tan olishdan va uzr so‘rashdan bosh tortishda davom etsa, biz qo‘shimcha choralar ko‘ramiz”, degan bayonotidan olti kun o‘tib qabul qilindi.
Shuningdek, Seul Prezident ofisidan ushbu masalani sir saqlash bo‘yicha kelishuv bo‘lmagani haqidagi bayonotni rad etishni talab qilmoqda. Xabarda qayd etilishicha, tashqi ishlar vaziri Cho Xyon ukrainalik hamkasbi Andrey Sibigadan uzr qabul qilgan, biroq “bu uzr Seul kutgan darajada bo‘lmagan”.
Shu sabab hukumat Ukrainadagi elchisini chaqirib olishga qaror qildi. Biroq Janubiy Koreya rasmiylari ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlardagi muammolar hal bo‘lishiga umid bildirmoqda va Ukraina tomoni bilan maslahatlashuvlarni davom ettirmoqda.
2025-yil yanvar oyida Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning Kursk viloyatida ikki nafar shimoliy koreyalik askarni asirga olgan. Ular Pxenyan 2024-yilda Rossiya-Ukraina urushiga kirganidan beri tirik qo‘lga olingan ilk shimoliy koreyalik harbiylar bo‘lgan.
Yaqinda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT Bosh assambleyasida Ukraina asirga olingan ikki nafar shimoliy koreyalik askarni Janubiy Koreyaga topshirganini ma’lum qilgandi.
Ulardan biri asirga tushgach, o‘z joniga qasd qilishga uringan.
“Shimolda odamlarni ana shunday tarbiyalashadi. Bu — haqiqat. Ular odamlarning erkinligini tortib olishadi. Tanlash huquqini yo‘qqa chiqarib, ularning ongiga o‘lishlari kerakligini singdirishadi”, — deya ta’kidlagandi u.
Shundan so‘ng Seul norozilik bildirib, tomonlar ushbu faktni oshkor etmaslikka kelishib olganini ta’kidlagan.

