Dunyo

Rossiya droni Ukraina–Polsha chegarasi yaqiniga yana zarba berdi

Rossiyaning reaktiv droni 28-sentabr kuni kechqurun «Doroxusk - Yagodin» chegara oʻtkazish punktidan taxminan ikki kilometr uzoqlikdagi Ukraina hududiga zarba berdi. Shundan soʻng Polsha harbiy aviatsiyani havoga koʻtardi va havo hujumidan mudofaa kuchlarini yuqori shaylik holatiga keltirdi. Polsha havo hududi buzilmagan.

Rossiya droni Ukraina–Polsha chegarasi yaqiniga yana zarba berdi

DW xabar berishicha, Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish hujum Ukraina gʻarbida yuz berganini bildirgan. Keyinroq xavf signali bekor qilingan, samolyotlar bazaga qaytgan, havo mudofaasi tizimlari esa kuzatuv va kutish rejimiga oʻtgan.

Polsha aeronavigatsiya xizmati agentligi — PANSA maʼlumotiga koʻra, harbiy aviatsiyaning erkin harakatlanishini taʼminlash maqsadida mamlakat sharqidagi Lyublin va Jeshuv aeroportlari faoliyati taxminan 40 daqiqaga toʻxtatilgan.

Volin viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Roman Romanyuk Shahed droni hujumi natijasida portlash toʻlqini terminalga kirishdagi nazorat-oʻtkazish punkti binosiga zarar yetkazganini maʼlum qilgan.

Uning aytishicha, jabrlanganlar yoki halok boʻlganlar haqida xabar kelmagan.

Shu bilan birga, Ukraina Davlat chegara xizmati vakili Andrey Demchenko DWʼga bergan izohida Polsha bilan chegaradagi oʻtkazish punkti shikastlanmaganini aytgan.

Rossiya dronlari sentabr oyida ham Polshaga chegaradosh Ukraina hududlariga zarba bergan edi. Xususan, 13-sentabr kuni bir dron chegara yaqinidagi yoqilgʻi quyish shoxobchasiga, boshqasi esa Yagodin stansiyasidagi Kiyev - Varshava yoʻlovchi poyezdi lokomotiviga urilgan.

17-sentabr kuni ham yana bir zarba qayd etilgan. Polsha bosh vaziri Donald Tusk oʻshanda, ehtimol, yonilgʻi quyish shoxobchasi yana hujumga uchraganini aytgan.

28-sentabrdagi hujumdan bir necha soat oldin Polsha mudofaa vaziri oʻrinbosari Sezariy Tomchik mamlakat havo hududida xorijiy uchish apparatlari kutilmaganda paydo boʻlgan taqdirda harakat qilish tartibi oʻzgartirilishini maʼlum qilgan.

Uning soʻzlariga koʻra, bunday nishonga oʻt ochish uchun uni koʻz bilan koʻrib aniqlash shartidan voz kechish rejalashtirilmoqda. Buning oʻrniga nishon xususiyatini yetarlicha yuqori ishonch bilan aniqlash imkonini beradigan maʼlumotlar majmuasiga tayanish taklif etilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.