Dunyo

Oʻzbekistonlik yoshlar Seul markazida vatanparvarlik aksiyasini oʻtkazdi

Oʻzbekiston prezidentining Koreya Respublikasiga boʻlajak tashrifi arafasida, Seul shahrining eng mashhur va gavjum joylaridan biri – Kvanxvamun maydonida Oʻzbekiston bayrogʻi ostida vatanparvarlik aksiyasi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekistonlik yoshlar Seul markazida vatanparvarlik aksiyasini oʻtkazdi

Tadbir Janubiy Koreyada yashayotgan vatandoshlar, Oʻzbekiston yoshlar umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakilligi (“WAYU Korea”) faollari, Oʻzbekistonning koreyalik yosh doʻstlari hamda koreyalik talabalar ishtirokida tashkil etildi.

Aksiyada qariyb 100 kishi qatnashdi. Ular 6×12 metr oʻlchamdagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻini yoyishdi.

Ishtirokchilar Oʻzbekiston va Janubiy Koreya davlat bayroqlarini birgalikda koʻtarib, ikki xalq oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik, oʻzaro hurmat va yaqin hamkorlikning ramziy ifodasini namoyish etdi.

Aksiyaning asosiy maqsadi koreys jamoatchiligi va Seuldagi xorijiy mehmonlar eʼtiborini Oʻzbekistonga qaratish, ikki xalq oʻrtasidagi samimiy munosabatlar va doʻstlik muhitini aks ettirish, shuningdek, mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishda yoshlarning oʻrnini koʻrsatishdan iborat edi.

Tadbir boʻlib oʻtgan Kvanxvamun maydoni Seul markazida joylashgan boʻlib, poytaxt aholisi va xorijiy sayyohlar eng koʻp boradigan joylardan biri sanaladi. Maydondan oʻtayotgan koreyaliklar va sayyohlar aksiyani qiziqish bilan kuzatib, ulkan Oʻzbekiston bayrogʻini suratga oldi. Ularning ayrimlari Kvanxvamun maydonida xorijiy davlatning bunday katta hajmdagi bayrogʻi bilan oʻtkazilgan tadbirni ilk bor koʻrayotganini aytishdi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-16 sentabr kunlari Seulda boʻlishi kutilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.