Janubiy Koreyada 19 nafar o‘zbekistonlik qidiruvga berildi

Janubiy Koreyada 19 nafar o‘zbekistonlik qidiruvga berildi
Janubiy Koreyada xorijda jinoyat sodir etib, mamlakat hududida yashirinib yurgan 110 nafar chet el fuqarosi qidirilmoqda. Ularning 19 nafari O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilmoqda.
Qidiruvdagi xorijliklar orasida Xitoy fuqarolari 40 kishi bilan eng ko‘p. Keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston (19), Mo‘g‘uliston (17), Vyetnam (13), Qozog‘iston (8), Rossiya (7) va Qirg‘iziston (2 nafar) fuqarolari qayd etilgan.
Qidiruvdagi xorijliklarning aksariyati, ya’ni 47 nafari firibgarlikda gumon qilinmoqda. Qolgan holatlar voyaga yetmaganlar huquqlarini buzish, odam o‘g‘irlash va fohishalik (29 ta), giyohvand moddalar savdosi (7 ta), o‘g‘rilik, yo‘l harakati qoidalarini buzish va tan jarohati yetkazish (har biri 5 tadan) kabi qilmishlarga bog‘liq. O‘zbekiston fuqarolari aynan qaysi jinoyatlarda ayblanayotgani noma’lum.
Sentyabr oyida Janubiy Koreyada Suriyadagi terrorchi guruhga yordam berishda gumon qilingan to‘rt nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olingandi. Ular terrorchi guruhga pul va transport vositalari yuborgani aytilmoqda.
30 yoshlardagi asosiy gumondor 2025-yil aprelidan beri qariyb sakkiz oy davomida BMTning terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidagi “Tavhid va jihod katibasi” guruhiga 6,3 million von (4 600 dollar) qiymatidagi kriptovalyuta yuborgan. U, shuningdek, shu davr mobaynida ushbu guruhdan kriptovalyuta ham qabul qilib olgan. Erkak bu mablag‘ga Janubiy Koreyada umumiy qiymati 170 million von bo‘lgan 11 dona eski mashina va 2 ta ekskavator sotib olib, ularni Suriyaga jo‘natgan.
“Al-Qoida”ga aloqador bo‘lgan “Tavhid va jihod katibasi” guruhi 2022-yilda BMT tomonidan terrorchilik tashkiloti deb e’lon qilingan. Tergovchilarning aytishicha, gumondorning guruh bilan rasmiy aloqasi bo‘lmagan. U guruh a’zosi bo‘lgan ukasi bilan bog‘langach, tashkilotni qo‘llab-quvvatlashni boshlagan.

