Oʻzbekistonlik ayol Rossiyadagi saqlash markazidan ozod etilib, farzandi bilan qaytarildi
Novosibirskda chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan oʻzbekistonlik ayol va mehribonlik uyidagi farzandi diplomatlar koʻmagida Oʻzbekistonga qaytarildi. Bosh konsulxona bir kun ichida muzokaralar oʻtkazib, onaning ozod etilishi va farzandi bilan birlashishiga erishgan.

Oʻzbekistonlik ayol Rossiyadagi saqlash markazidan ozod qilinib, farzandi bilan birga qaytarildi
«Dunyo» axborot agentligi xabariga koʻra, ayol Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgani sababli vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan edi. Uning farzandi esa Novosibirskdagi mehribonlik uyida boʻlgan.
Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi vakillari saqlash markazi hamda mehribonlik uyi rahbariyati bilan tezkor muzokaralar olib borgan. Natijada ayol ozod etilgan va unga vatanga qaytish sertifikati rasmiylashtirilgan.
Diplomatlar bolani «Tolmachyovo» xalqaro aeroportiga olib kelib, onasiga topshirgan. Shundan keyin ularning Oʻzbekistonga qaytishiga yordam berilgan.
Bosh konsulxona vakillari soʻnggi bir hafta ichida jami besh nafar bolaning Oʻzbekistonga qaytishiga koʻmaklashgan.

