Oʻzbekistondan Pokiston portlariga: yangi temiryoʻl loyihasi tayyorlanadi
Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Birlashgan Arab Amirliklari Afgʻoniston orqali Pokistonning dengiz portlariga chiqishni nazarda tutuvchi temiryoʻl loyihasini birgalikda ishlab chiqishga kelishdi. Uch davlatning transport sohasiga masʼul vazirliklari hamkorlik memorandumini imzoladi.

**Oʻzbekistondan Pokiston portlariga yangi temiryoʻl loyihasi tayyorlanadi**
«Dunyo» axborot agentligining Kazinform nashriga tayanib xabar berishicha, ushbu tashabbus Qozogʻiston–Oʻzbekiston–Afgʻoniston–Pokiston — CASA yoʻnalishini qamrab oladi.
Loyihaning bosh maqsadi Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi temiryoʻl bogʻlanishlarini mustahkamlash, xalqaro yuk tashish hajmini oshirish hamda savdo va logistika imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Shuningdek, yoʻnalish orqali Pokiston dengiz portlariga chiqish imkonini yaratish rejalashtirilmoqda.
Memorandum doirasida loyihaning texnik va iqtisodiy tomonlari oʻrganiladi. Jumladan, zarur infratuzilmani rivojlantirish imkoniyatlari, moliyalashtirish mexanizmlari va loyihani amalga oshirish shartlari baholanadi.
Tomonlar CASA loyihasini batafsil ishlab chiqish uchun maxsus ishchi guruh tuzish masalasini ham muhokama qilgan.
Tashabbusda Qozogʻiston va Oʻzbekistonning mavjud temiryoʻl tarmoqlari hamda tranzit salohiyatidan foydalanish koʻzda tutilmoqda. BAA esa transport, logistika va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi tajribasi bilan jarayonda ishtirok etishi kutilmoqda.
Hozircha xabarda loyihaning qiymati, qurilishni boshlash va yakunlash muddatlari haqida maʼlumot berilmagan. Imzolangan memorandum loyihani birgalikda oʻrganish va ishlab chiqish boʻyicha hamkorlikni nazarda tutadi.

