O‘zbekistonda 17 ta yangi logistika markazi va terminal tashkil etish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda 17 ta yangi logistika markazi va terminal barpo etish rejalashtirilmoqda
Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarning amalga oshirilish jarayoni bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish hamda dengiz portlari orqali jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari alohida ko‘rib chiqildi.
Kaspiy dengizidagi Oqtau, Turkmanboshi va Boku, Qora dengizdagi Poti va Anakliya portlarida O‘zbekiston ishtirokida logistika infratuzilmasini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, Poti portida logistika markazini tashkil etish yuzasidan bitim imzolangan, loyiha uchun texnik-iqtisodiy asoslar tayyorlanmoqda. Anakliya portini rivojlantirish, shuningdek, Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqishga xizmat qiladigan Naxchivon temiryo‘li qurilishida qatnashish imkoniyatlari ham o‘rganilmoqda.
Ushbu loyihalar to‘qimachilik, kimyo, qishloq xo‘jaligi va kon-metallurgiya mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qilishi qayd etildi.
Xalqaro yo‘laklardan samarali foydalanish uchun mamlakatdagi logistika markazlari tarmog‘ini ham kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Xonobod va Angren shaharlari, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistikaga ixtisoslashtirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot taqdim etildi.
Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida jami 17 ta logistika markazi va terminal loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ularni joylashtirish, investorlarni jalb etish, moliyalashtirish hamda zarur infratuzilma bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Taqdimotda yuk tashuvlarini raqamlashtirish va sohada yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yuk tashish sohasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi hanuz 42 foizdan yuqori ekani qayd etildi. Mahalliy yuk transportlarining yagona reyestri, elektron buyurtmalarni shakllantirish hamda barcha transport xizmatlarini birlashtiruvchi elektron tizimning yo‘qligi bu boradagi asosiy muammolar sifatida ko‘rsatildi.
Shu sababli, yagona raqamli transport tizimini yaratish, tashuvchilar reyestrini shakllantirish, elektron yo‘l varaqasi va buyurtmalarni qabul qiluvchi agregator xizmatini joriy etish taklif qilindi.
Xalqaro tashuvlarda elektron ruxsatnomalar almashinuvini kengaytirish va yuk harakatini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yish choralari ham ko‘rib chiqildi. Bu tashuvchilar uchun qulaylik yaratish, norasmiy xizmatlarni qonuniy faoliyatga o‘tkazish va sohada shaffoflikni oshirishga qaratilgani bildirildi.
Davlat rahbari taqdim etilgan loyihalarning muddatlari, moliyalashtirish manbalari va kutilayotgan natijalarini aniq belgilash, ularni o‘zaro uyg‘un holda amalga oshirish muhimligini ta’kidladi. Mutasaddilarga muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

