Oʻzbekistonda pensiyalarni elektron hamyonga olish mumkin boʻladi
2027 yil aprelidan boshlab pensiya va boshqa toʻlovlarni nafaqat bank kartasiga, balki bankning mobil ilovasidagi elektron hamyonga ham oʻtkazish mumkin boʻladi. Shu bilan birga, ish beruvchilarga imtiyozli pensiya olish huquqini beruvchi maxsus ish staji va mehnat sharoitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron tizimda yuritish majburiyati yuklanadi.

Oʻzbekistonda pensiyalarni elektron hamyonga olish mumkin boʻladi
2027 yil aprel oyidan boshlab Oʻzbekistonda pensiya toʻlovlarini nafaqat bank kartasiga, balki bankning mobil ilovasidagi maxsus elektron hamyonga ham olish imkoniyati paydo boʻladi. Bu Prezidentning 28 sentyabrdagi qarorida koʻzda tutilgan.
2026 yil 1 noyabrdan boshlab pensionerlarga bank kartalarini ochish xizmatlari Face ID biometrik identifikatsiyasini qoʻllagan holda koʻrsatilishi kerak.
2027 yil 1 apreldan boshlab Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda tijorat bankining yagona hisobvaragʻi orqali pensiya toʻlovlarini moliyalashtirishning yangi tartibini joriy etishi lozim.
Pensiya va boshqa toʻlovlarni bank kartasiga yoki bankning mobil ilovasida ochilgan pensiya elektron hamyoniga oʻtkazish mumkin boʻladi.
Bundan tashqari, 2027 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolar davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali pensiya toʻlovini naqd shaklga oʻtkazish, shuningdek, ilgari toʻxtatib qoʻyilgan toʻlovni qayta tiklash toʻgʻrisida ariza berishlari mumkin boʻladi.
Yana bir yangilik imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga ega boʻlgan xodimlarga tegishli.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga 2026 yil 1 noyabrga qadar «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida ish beruvchilar tomonidan maxsus mehnat staji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuritish funktsiyasini yaratish topshirildi.
Ish beruvchilar imtiyozli pensiya olish huquqini beruvchi ish davrlarini, shuningdek, mehnat sharoitlari va uskunalarning shikastlanish xavfi darajasi boʻyicha ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish natijalarini elektron shaklda qayd etib borishlari shart boʻladi.
Bu pensiya tayinlashda maxsus stajni tasdiqlashni osonlashtirishi va qogʻoz hujjatlarni taqdim etish zaruratini kamaytirishi kerak.
Alohida ravishda «Oʻzarxiv» agentligiga 2027 yil 1 aprelga qadar ilgari davlat arxivlariga topshirilmagan tugatilgan korxona va tashkilotlarning hujjatlarini qabul qilib olish topshirildi.
Gap, xususan, ish haqi hisoblanishi kitoblari, ishga qabul qilish va boʻshatish toʻgʻrisidagi buyruqlar hamda mehnat staji va ish haqini tasdiqlash uchun zarur boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa hujjatlar haqida bormoqda.
Bunday hujjatlar istisno tariqasida bepul qabul qilinadi.
«Yoʻl xaritasi»da Pensiya jamgʻarmasi axborot tizimlarini boshqa idoralar bazalari bilan yanada integratsiya qilish ham koʻzda tutilgan. Xususan, staj va ish haqi toʻgʻrisidagi arxiv maʼlumotlarini olishni avtomatlashtirish hamda davlat organlari bilan elektron maʼlumotlar almashinuvini kengaytirish rejalashtirilgan.

