Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalarini byudjetdan moliyalashtirishni milliy reytingga bogʻlash taklif etildi

Oʻzbekistonda oliygohlarni byudjetdan moliyalashtirishni milliy reyting bilan bogʻlash taklif etildi
Oʻzbekistonda oliygohlarning milliy reytingi qoidalarini qayta koʻrib chiqish va davlat universitetlariga moliyaviy toʻlovlarni uning natijalariga bogʻlash niyat qilingan. Buyruq loyihasi oliygohlarni toʻplangan ballarga qarab uch darajaga boʻlishni nazarda tutadi. Yangi tizim 2027 yil 1 yanvardan kuchga kirishi mumkin.
Taklif etilayotgan loyihaga koʻra, eng yuqori natijalarga erishgan oliygohlarning 20 foizi birinchi kategoriyaga, keyingi 40 foizi ikkinchi, qolgan 40 foizi esa uchinchi kategoriyaga kiritiladi. Universitetga ajratiladigan mablagʻlar miqdori uning kategoriyasiga bogʻliq boʻladi.
Moliyaviy mustaqillikka ega oliygohlar uchun toʻlovlarni davlat buyurtmasi yoki grant asosida bir talabani oʻqitish uchun davlat tomonidan ajratiladigan summani hisobga olgan holda hisoblash taklif etilmoqda.
Qolgan davlat universitetlari uchun moliyalashtirish hajmi xarajatlarni qoplashga yoʻnaltiriladigan byudjet mablagʻlari summasidan kelib chiqib aniqlanadi.
Reyting yakunlari eʼlon qilingach, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 15 ish kuni ichida oliygohlarning gʻaznachilik hisobvaraqlariga mablagʻlarni oʻtkazishi kerak boʻladi. Universitetlar olingan pullarni qanday ishlatishni oʻzlari mustaqil hal qilishlari mumkin.
Loyihada oliygohlarni baholash mezonlarini oʻzgartirish ham nazarda tutilgan. Uchta alohida koʻrsatkich — bitiruvchilarning bandligi, ish qidirish vaqti va oʻrtacha daromadi oʻrniga bitiruvchilar sifatining yagona indeksini qoʻllash rejalashtirilmoqda. Universitet kategoriyasiga qarab, u 20–40 ball bilan baholanadi.
Bundan tashqari, reyting uchun maʼlumotlarni topshirish muddatini 1 fevraldan 1 iyunga koʻchirish taklif etilmoqda. Oliygohlar hisobot yili uchun maʼlumotlarni maxsus platformaga yuklarishlari kerak boʻladi. Soʻng agentlik maʼlumotlarni tekshiradi va yakuniy ballarni hisoblab chiqadi.
THE, QS va ARWU xalqaro reytinglarining birinchi mingtaligiga kirgan Oʻzbekiston oliygohlari uchun alohida milliy reyting yuritish xohlanmoqda. Bunda alohida fan yoʻnalishlari boʻyicha reytinglar natijalari hisobga olinmaydi.
Milliy reytingda kamida uch yildan beri faoliyat yuritayotgan va bakalavrlarni chiqarib boʻlgan oliygohlar ishtirok etishi mumkin. 2027 yildan boshlab professor-oʻqituvchilar tarkibi sonini shtat birliklari summasi boʻyicha hisoblash taklif etilmoqda.
Oʻzgarishlar hozircha Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligining buyrugʻi loyihasida keltirilgan. Ular hujjat tasdiqlanib, rasman eʼlon qilinganidan keyin kuchga kiradi.
Oldinroq Oʻzbekistonda oliygoh bitiruvchilarining sifat indeksi joriy etilishi haqida xabar berilgan edi, u sobiq talabalarning ishga joylashish darajasi, bandligining barqarorligi, daromadlari va ish kategoriyasini hisobga oladi.

