Mahalliy

O‘zbekistondagi barcha oliygohlarda karyera markazlari majburiy bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalarida, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, karyera markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish majburiy bo‘lishi mumkin. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan tayyorlangan qaror loyihasida ko‘rsatilgan.

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan ushbu loyihaga ko‘ra, karyera markazlari rahbar va xodimlariga nisbatan yagona malaka talablari, ularning malakasini oshirish, baholash va sertifikatlash tartibi joriy etiladi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi barcha oliy ta’lim tashkilotlarida karyera markazlarining ishga tushirilishini alohida nazoratga oladi.

Karyera markazi oliy ta’lim muassasasida talabalar va bitiruvchilarni kasbga yo‘naltirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni rivojlantirish, amaliyot va stajirovka jarayonlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, bitiruvchilarning ishga joylashishi va kasbiy rivojlanishini monitoring qilish bo‘yicha asosiy bo‘linma hisoblanadi.

Ushbu markazlarning faoliyati oliy ta’lim tashkilotining ta’lim dasturlari sifati, mehnat bozori ehtiyojlariga mosligi, bitiruvchilarning barqaror bandlik ko‘rsatkichlari va ish beruvchilarning tayyorlanayotgan kadrlardan qoniqish darajasi asosida muntazam ravishda monitoring va baholanadi. Karyera markazlari faoliyati natijalari oliy ta’lim tashkilotlarining reytingini aniqlash va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda muhim indikator sifatida hisobga olinadi.

Karyera markazi rahbari va xodimlari lavozimlariga nomzodlar “Karyera markazi menejeri” tayyorlov dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan, kasbiy baholash (sertifikatlash) jarayonidan o‘tgan va tegishli sertifikatga ega bo‘lgan shaxslar orasidan tanlanadi.

2028-yil 1-yanvardan boshlab yangi tashkil etiladigan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida faoliyatining ikkinchi yilidan boshlab karyera markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish majburiy bo‘ladi. Agar ta’lim tashkilotida karyera markazi tashkil etilmaganligi aniqlansa, vakolatli organ tomonidan ta’lim tashkilotining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga da’vo kiritiladi. Karyera markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan davlat oliy ta’lim tashkilotlarini tashkil etish taqiqlanadi.

Oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab karyera markazlari faoliyatini ushbu qaror talablari asosida qayta tashkil etadi. Ular karyera markazlari uchun alohida ish rejasi, KPI ko‘rsatkichlari, ish beruvchilar bazasi, talabalarning karyera portfoliosi va bitiruvchilar monitoringi tizimini joriy etadi. Har yili kamida bir marta talabalar, bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida karyera xizmatlari sifati bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkaziladi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bitiruvchilar ma’lumotlarini real vaqtda tahlil qilish uchun o‘zlarining axborot tizimlarini career.edu.uz elektron platformasiga integratsiya qiladi. Ish beruvchilarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni karyera markazlariga muntazam taqdim etib borish choralari ko‘riladi.

O‘quv yili yakunlari bo‘yicha bitiruvchilarning ishga joylashish ko‘rsatkichlari 50 foizdan kam bo‘lgan taqdirda, ta’lim tashkilotining kelgusi o‘quv yili uchun yangi ta’lim dasturlarini joriy etishga ruxsat berilmaydi.

Qaror loyihasining muhokamasi 27-avgustgacha davom etadi.

2026-yil iyun oyida Shavkat Mirziyoyevga oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha taqdimotda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashda oliygohlardagi karyera markazlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlangan edi. Shu maqsadda barcha oliy ta’lim muassasalarida karyera markazlari faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish va ularning natijadorligini oshirish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilingan edi.

“Oʻzbekiston 2030” strategiyasida belgilanganidek, 2026-yil sentyabrdan “Karyera” onlayn platformasi ishga tushiriladi. Ushbu loyiha oliy va kasbiy taʼlim muassasalari talabalari hamda bitiruvchilariga ishga joylashish imkonini beradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.