Mahalliy

Oʻzbekistonda energetika tarmogʻini boshqarish tartibi oʻzgaradi

Mamlakat yoqilgʻi-energetika tarmogʻida davlat boshqaruvi, bozorni tartibga solish, nazorat va tijorat faoliyati bilan bogʻliq vazifalar ajratiladi. Investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borish va ularga individual imtiyozlar berish taqiqlanadi. Shuningdek, 2050 yilgacha boʻlgan davrda barqaror energiya taʼminoti kontseptsiyasi ishlab chiqiladi.

Oʻzbekistonda energetika tarmogʻini boshqarish tartibi oʻzgaradi

Bunday chora-tadbirlar Prezidentning 2026 yil 22 sentyabrdagi «Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmonida nazarda tutilgan.

Vazirlik, regulyator va inspektsiya funktsiyalari chegaralanadi

Farmonga koʻra, Energetika vazirligi tomonidan tarmoq korxonalari va isteʼmolchilarga shartnomaviy, servis va boshqa xoʻjalik munosabatlari boʻyicha individual ruxsatnomalar berish amaliyoti toʻxtatiladi.

Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi zimmasiga nafaqat elektr energetikasi, balki tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti sohasida ham bozor tamoyillarini bosqichma-bosqich shakllantirish va tartibga solish vazifalari yuklandi.

2028 yildan boshlab agentlik elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz sohasidagi tartibga solinadigan tariflar va toʻlovlarni tasdiqlaydi. Bundan tashqari, u isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish, xizmatlar sifatini monitoring qilish va murojaatlarni koʻrib chiqish tizimini joriy etadi.

Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspektsiyasi faoliyatida qoidabuzarliklarning oldini olish va xavf-xatarlarni erta aniqlashga alohida eʼtibor kuchaytiriladi. Ogohlantirish va kamchiliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish uchun muddat berish amaliyoti qoʻllaniladi.

Tarmoq korxonalari resurslarni qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, uzatish, taqsimlash va sotish bilan bogʻliq tijorat vazifalari bilan shugʻullanadi.

Investitsiya loyihalari tanlov asosida amalga oshiriladi

Hujjat bilan yoqilgʻi-energetika tarmogʻida quyidagilar qatʼiyan taqiqlanadi:

investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borish;

loyihalar doirasida individual imtiyoz va preferentsiyalar berish;

investitsiya rejasiga kiritilmagan loyihalarni boshlash.

Loyiha ijrochisi qonunchilikda belgilangan tartibda tanlov asosida aniqlanadi. Tanlov hujjatlari ochiq eʼlon qilinadi.

Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va moliyalashtirish bilan bir vaqtda obʼyektlarni qurish yoki rekonstruktsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Xususiy investitsiyalar hisobidan barpo etilayotgan obʼyektlar bundan mustasno.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.