Mahalliy

O‘zbekistonda energetika loyihalariga sarmoyadorlar ochiq va raqobatli tanlov asosida jalb qilinadi

O‘zbekistonda energetika loyihalariga sarmoyadorlar ochiq va raqobatli tanlov orqali jalb qilinadi

O‘zbekistonda energetika sohasidagi investitsiya loyihalarini shakllantirish hamda investorlarni tanlash tartibi yangilanadi. Yangi tizimda loyihalar, birinchi navbatda, iqtisodiyot, aholi va hududlarning kelgusidagi ehtiyojidan kelib chiqib ishlab chiqiladi, investor esa ochiq va raqobatli tanlov asosida belgilanadi.

Prezidentning 22-sentyabrdagi farmoniga muvofiq, energetika loyihalarini shakllantirish jarayonida avval hududlar va tarmoqlarning istiqboldagi ehtiyoji aniqlanadi. Shundan so‘ng zarur generatsiya va infratuzilma quvvatlari rejalashtiriladi.

Shuningdek, istiqbolli investitsiya loyihalarining uch yillik rejasini shakllantirish va tasdiqlash tizimi joriy etiladi. Har bir loyiha bo‘yicha uning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, amalga oshirish tamoyillari, moliyalashtirish manbalari, talab etiladigan yer uchastkasi va infratuzilma haqidagi ma’lumotlar tayyorlanadi.

Loyihalarning tanlov hujjatlari buyurtmachi yoki davlat sherigi tomonidan mahalliy va xalqaro loyiha institutlari jalb etilgan holda ishlab chiqiladi va ochiq e’lon qilinadi. Investorlarni tanlash esa qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Farmonga ko‘ra, investorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borish, loyihalar doirasida individual imtiyoz va preferensiyalar berish hamda investitsiya rejasiga kiritilmagan loyihalarni boshlash qat’iyan taqiqlanadi. Obyektlarni loyiha-smeta hujjatlarini parallel ishlab chiqish bilan bir vaqtda qurish va rekonstruksiya qilishga ham ruxsat berilmaydi (xususiy investitsiyalar hisobidan quriladigan obyektlar bundan mustasno).

Yangi yondashuv energetika sohasida yangi quvvatlarni uzoq muddatli talab bilan bog‘lash, loyihalarni oldindan tayyorlash va investorlarni tanlash jarayonini raqobat asosida tashkil etishga qaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzuridagi 22-sentyabr kungi majlisda 2030-yilga borib, mamlakatdagi generatsiya quvvatlari 46,1 gVt ga yetkazilib, yiliga qariyb 129 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratilishi ma’lum qilingandi.

Hozir energiya saqlash tizimlari bo‘yicha umumiy quvvati 4,2 gVt bo‘lgan 26 ta loyiha shakllantirilgan. Ulardan 17 tasi amalga oshirish bosqichida. 2030-yilgacha ayni yo‘nalishda qo‘shimcha yangi loyihalarni shakllantirish taklif qilingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.