O‘zbekistonda energetika loyihalari uchun investorlar ochiq tanlov asosida tanlanadi

O‘zbekistonda energetika loyihalari uchun investorlar ochiq tanlov orqali tanlab olinadi
Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasini rivojlantirish istiqbollari hamda yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi loyihalarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Taqdimotda sohadagi investitsiya loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish tizimini tubdan yangilash bo‘yicha takliflarga alohida urg‘u berildi.
Amaliyotda ko‘p hollarda loyiha investor tashabbusi bilan boshlanadi. Yer maydoni, tarmoqqa ulanish, texnik shartlar, tarif va investitsiya bitimlari turli idoralar bilan alohida kelishiladi. Bu esa jarayonlarning cho‘zilishiga, idoralar vazifalarining takrorlanishiga va ayrim loyihalarning tizim ehtiyoji bilan yetarlicha bog‘lanmasligiga sabab bo‘lmoqda.
Shu sababli yangi boshqaruv modeli taklif qilindi. Endilikda energetika loyihalari, avvalo, iqtisodiyot, aholi va hududlarning kelgusidagi ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi.
Dastlab talab aniqlanadi, so‘ng zarur generatsiya va infratuzilma quvvatlari rejalashtiriladi. Yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtasi va texnik yechimlari oldindan tayyor bo‘lgan loyiha shakllantirilib, investor ochiq va raqobatli tanlov asosida belgilanadi.
Bunda har bir idoraning vazifa va javobgarligi aniq belgilab olinadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi talab prognozini shakllantiradi, Energetika vazirligi strategik rejalashtirish va texnik siyosat uchun javob beradi, Energetika bozori regulyatori esa bozor munosabatlari va tariflarni tartibga soladi.
Investitsiyalar sohasiga mas’ul idoralar investorlarni ochiq tanlov asosida jalb qiladi, mahalliy hokimliklar esa yer va zarur infratuzilma masalalarini hal etadi.
Shuningdek, hududlar va tarmoqlar kesimida energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojning aniq prognozini shakllantirish, shu asosda har yili yangilanadigan uch yillik investitsiya rejalarini qabul qilish taklif etildi. Bu generatsiya quvvatlari, elektr tarmoqlari va zarur infratuzilmani o‘zaro uyg‘un holda oldindan rejalashtirish imkonini beradi.
Uzoq muddatli istiqbolda esa 2050-yilgacha yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Unda milliy resurs salohiyati, demografik va iqtisodiy o‘sish, energiya samaradorligi, qayta tiklanuvchi va atom energetikasini rivojlantirish, shuningdek, energetika xavfsizligini ta’minlash masalalari kompleks tarzda hisobga olinadi. Konsepsiyani har besh yilda qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi.
Davlat rahbari energetikada har bir yangi loyiha iqtisodiyot va aholining uzoq muddatli ehtiyojiga xizmat qilishi, ishlab chiqarish, tarmoq yuklamasi va iste’mol o‘rtasida doimiy muvozanat ta’minlanishi kerakligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga amalga oshirilayotgan yirik loyihalarni belgilangan muddatlarda ishga tushirish, kechikayotganlari bo‘yicha investorlar bilan aniq choralar ko‘rish, generatsiya quvvatlari bilan elektr tarmoqlarini mutanosib rivojlantirish, energiya saqlash tizimlarini kengaytirish hamda sohada yangi rejalashtirish va boshqaruv modelini joriy etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

