Oʻzbekistonda dunyoning 300 ta yetakchi oliy oʻquv yurti filiallarini ochish rejalashtirilmoqda
Bugungi kunda Oʻzbekistonda xorijiy oliy taʼlim muassasalarining 32 ta filiali faoliyat koʻrsatmoqda, bu davlat rahbari matbuot xizmati xabaridan kelib chiqadi.

Oʻzbekistonda dunyoning 300 ta yetakchi oliygohi filiallarini ochish rejalashtirilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev endilikda asosiy vazifalardan biri dunyoning 300 ta yetakchi universiteti filiallarini tashkil etish boʻlishini taʼkidladi.
Yetakchi xorijiy universitetlar franshizasini jalb qilgan xususiy oliygohlarga laboratoriya va uskunalar xarajatlarining 50 foizigacha, shuningdek, brenddan foydalanganlik uchun toʻlovning 50 foizigacha boʻlgan qismi qoplab beriladi, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, davlat kampus qurilishi xarajatlarining 30 foizigacha boʻlgan qismini kompensatsiya qiladi va investitsiyalarni qoplashga yordam berish uchun davlat granti asosida joylar ajratadi.
Matbuot xizmati xabariga koʻra, iqtisodiyot uchun eng talabgir boʻlgan yoʻnalishlar, jumladan, muhandislik, qishloq va suv xoʻjaligi, energetika, sunʼiy intellekt va tibbiyot sohalari boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari pedagoglar bilan ham uchrashuv oʻtkazib, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi.
Prezident pedagoglarga shogirdlari kamoli, ota-onalar minnatdorligi va jamiyat hurmati doimiy hamroh boʻlishini tilab, ularni kasb bayrami bilan yana bir bor tabrikladi.

