Farzandi xususiy maktabda o‘qiyotgan ota-onalarga imtiyoz beriladi
Endi farzandi xususiy maktabda o‘qiyotgan ota-onalar uchun soliq solinmaydigan daromad chegarasi 3 mln so‘mdan 6

Farzandi xususiy maktabda o‘qiyotgan ota-onalarga imtiyoz beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» universitetiga tashrifi chog‘ida ta’lim tizimidagi islohotlar hamda xususiy maktablarni qo‘llab-quvvatlashga doir yangi choralarni ma’lum qildi.
2026-yilda 1-sinfga 800 ming nafar bola qabul qilingan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 10 foiz ko‘p. 2030-yilga borib, 1-sinfga qabul qilinadigan bolalar soni 1 mln nafarga yetishi kutilmoqda.
Har yili investitsiya dasturlari hisobidan 180–200 ming o‘quvchi o‘rni yaratilayotgani qayd etildi. Ta’lim tizimida xususiy sektor ulushini oshirish 2030-yilgacha umumiy o‘rta ta’limda nodavlat maktablar ulushini 10 foizga yetkazish maqsadi bilan ham belgilangan.
O‘quv yuklamasi yuqori bo‘lgan 52 ta tumanda xususiy maktablar ochishni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliyaviy mexanizmlar belgilangan.
Bu hududlarda maktab tashkil etish uchun 7 yil muddatga 10 foizli imtiyozli kredit berish, ochish va jihozlash xarajatlarining 15 foizigacha, biroq ko‘pi bilan 1,5 mlrd so‘m miqdorida subsidiya ajratish nazarda tutilgan.
Binosini maktabga ijaraga bergan shaxslarga yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyoz beriladi. Barcha tumanlarda bo‘sh davlat binolari xususiy maktab tashkil etish uchun 10 yilga bepul ijaraga beriladi.
Xususiy maktablarning xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish xarajatlarining yarmi ham qoplab beriladi.
Farzandi xususiy maktabda tahsil olayotgan ota-onalar uchun soliq solinmaydigan daromad chegarasini 3 mln so‘mdan 6 mln so‘mga oshirish belgilangan. Bu oilalarga yiliga 6–7 mln so‘mgacha tejash imkonini beradi. Soliq idoralari to‘lovlarni har oy yakunida avtomatik ravishda qaytarish tizimini yo‘lga qo‘yadi.

