Oʻzbekistonda dam olish kunlari quruq va salqin ob-havo kutilmoqda

Oʻzbekistonda yaqin dam olish kunlari quruq va salqin ob-havo kutilmoqda
Yaqin dam olish kunlari Oʻzbekistonda havo biroz salqinlashadi. Mamlakatning katta qismida kunduzgi harorat 25-30 daraja iliqqacha pasayadi. Shu bilan birga, janubda 35 darajagacha issiq saqlanib qoladi.
Bugun respublika hududining katta qismida quruq ob-havo saqlanib qoladi. Orolboʻyi va Toshkent viloyatining ayrim joylarida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin. Havo 32-35 darajagacha, shimoli-gʻarbda esa 23-28 darajagacha isiydi.
11-12 sentyabr kunlari baʼzi joylarda shamol tezligi soniyasiga 13-18 metrgacha kuchayishi mumkin. Ayrim hududlarda chang-toʻzonlar kuzatilishi ehtimoli bor. Togʻli hududlarda ham qisqa muddatli yomgʻirlar prognoz qilinmoqda.
Shanba va yakshanba kunlari asosan kam bulutli va yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻladi. Kunduzi harorat 25-30 darajani, baʼzi joylarda 32 darajagacha, janubda esa 35 darajagachani tashkil etadi.
Yakshanba kuni togʻli hududlarda yogʻingarchilik kutilmaydi.
Toshkentda bugun kunning birinchi yarmida biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin. Harorat 33-35 daraja issiqni tashkil etadi.
Dam olish kunlari poytaxtda kam bulutli va quruq ob-havo kuzatiladi. Kechasi 16-18 daraja, kunduzi shanba kuni 28-30 daraja, yakshanba kuni esa 30-32 daraja boʻladi. Sharqiy shamol soniyasiga 5-10 metr tezlikda esadi.

