Dam olish kunlari havo harorati pasayadi

Dam olish kunlari O‘zbekistonda havo harorati pasayishi kutilmoqda.
“O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, 21-avgust, juma kuni kunduzi mamlakat bo‘ylab 36-39 daraja, janubiy hududlarning ayrim joylarida esa 41-43 darajagacha issiq ob-havo saqlanib qoladi. Respublikaning aksariyat qismida havo kam bulutli bo‘ladi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida kunning ikkinchi yarmida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.
Dam olish kunlari respublika bo‘ylab havo biroz bulutli bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Harorat kechalari 18-21 darajagacha, kunduz kunlari esa 32-35 darajagacha, janubda esa 37-40 darajagacha pasayadi. Ko‘pchilik viloyatlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat Farg‘ona vodiysida 22-avgust, shanba kuni ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Shamol tezligi 7-12 metr/sekundni tashkil etadi, ba’zi joylarda 13-18 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin. 22-avgustda respublikaning janubiy hududlarida shamol tezligi 22-25 metr/sekundgacha yetishi ehtimoli bor. Respublikaning ayrim joylarida shamolning kuchayishi chang-to‘zon bilan birga kuzatiladi.
Toshkent shahrida havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 metr/sekund tezlikda esadi, 10-12 metr/sekundgacha kuchayishi, shaharning ayrim joylarida chang-to‘zon bilan birga kuzatilishi mumkin.
Juma kuni kunduzi havo harorati 36-38 daraja, dam olish kunlari esa 32-35 daraja bo‘ladi. Kechalari harorat 18-21 daraja atrofida saqlanib qoladi.
Avvalgi prognozlarda avgust oyi oxiriga kelib O‘zbekiston hududiga nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi mumkinligi aytilgan edi. Natijada kunduzgi harorat asta-sekin 25–30 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

