Mahalliy

Oʻzbekistonda «Byurokratiyasiz Oʻzbekiston» tashabbusi yoʻlga qoʻyildi

21 sentyabrdan 20 noyabrgacha Oʻzbekiston fuqarolari va tadbirkorlari ortiqcha maʼlumotnomalar, tartib-taomillar va boshqa byurokratik toʻsiqlar haqida maxsus elektron platforma orqali xabar berishlari mumkin boʻladi. «Byurokratiyasiz Oʻzbekiston» tashabbusi «Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekistonda «Byurokratiyasiz Oʻzbekiston» tashabbusi yoʻlga qoʻyildi

Maʼlumotnoma, ariza, yana bir maʼlumotnoma. Keyin esa — navbat, idoraga qayta borish va yoʻqotilgan vaqt. Bunday byurokratiyaga deyarli har bir kishi hayotida loaqal bir marta boʻlsa ham duch kelgan boʻlsa kerak.

Endilikda bunday holatlar haqida fuqarolar va tadbirkorlarning oʻzlari xabar berishlari taklif etilmoqda. Oʻzbekistonda «Byurokratiyasiz Oʻzbekiston» jamoatchilik tashabbusi ish boshladi. U «Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Soʻnggi yillarda koʻplab davlat xizmatlari elektron formatga oʻtkazildi. Bugungi kunda ularning qariyb 80 foizini onlayn tarzda olish mumkin. Birgina 2025 yilning oʻzida tadbirkorlik sohasida ikki mingdan ortiq majburiy talablar bekor qilindi.

Shunga qaramay, qogʻozbozlik va ortiqcha tartib-taomillar hanuz saqlanib qolmoqda. Qaysidir joyda insondan davlat bazasida mavjud boʻlgan hujjat talab qilinadi. Qaysidir joyda esa bir masala boʻyicha bir necha bor murojaat qilishga toʻgʻri keladi. Baʼzan esa jarayonning oʻzi kerak boʻlganidan ancha koʻp vaqt oladi.

Aynan shunday holatlarni endi bevosita aholidan yigʻish rejalashtirilmoqda.

21 sentyabrdan 20 noyabrgacha fuqarolar va tadbirkorlar oʻzlari duch kelgan byurokratik toʻsiqlar haqida maxsus elektron platforma orqali xabar berishlari mumkin.

Bunda shunchaki shikoyat qilish emas, balki aniq muammoni tasvirlab berish muhim: ortiqcha tartib-taomil nimadan iborat, u qancha vaqt yoki resurs talab qiladi va imkon qadar uning yechimini taklif qilish lozim.

Shundan soʻng murojaatlar soha mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqiladi. Agar taklif asosli va amalga oshirilishi mumkin deb topilsa, u amaldagi tartib-taomillarni oʻzgartirish, xizmatni raqamlashtirish yoki hatto normativ hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish uchun asos boʻlishi mumkin.

Yaʼni, bu safar odamlarga tizimning qayerda noqulay ishlayotgani haqida shunchaki gapirish emas, balki uni soddalashtirishda bevosita ishtirok etish taklif qilinmoqda.

Dasturning 2030 yilgacha boʻlgan maqsadi — ortiqcha davlat funktsiyalarini qisqartirish, biznesga qoʻyiladigan talablar sonini kamaytirish va yanada koʻproq davlat xizmatlarini elektron formatga oʻtkazishdan iborat.

Bu mexanizm amaliyotda qanchalik samarali ishlashi esa koʻp jihatdan fuqarolar muhokamaga qanday muammolarni olib chiqishlariga va ularning qaysilari haqiqatda hal etilishiga bogʻliq boʻladi.

Biz «Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturiga bagʻishlangan matbuot anjumanida boʻldik va yangi tashabbus qanday ishlashini batafsilroq oʻrganishga qaror qildik.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.