Mahalliy

“Byurokratiyasiz O‘zbekiston”: ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha eng yaxshi takliflar mukofotlanadi

'Byurokratiyasiz O‘zbekiston' platformasi ishga tushirildi. U orqali aholi va tadbirkorlar davlat idoralaridagi ortiqcha byurokratik jarayonlar va ularga yechimlar taklif qilishi mumkin. 20-noyabrga qadar yuborilgan eng yaxshi 50 ta taklif muallifiga 2 mln so‘mgacha pul mukofoti beriladi. Yana nimalar ma’lum?

“Byurokratiyasiz O‘zbekiston”: ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha eng yaxshi takliflar mukofotlanadi

Fuqarolar va tadbirkorlar davlat idoralaridagi ortiqcha byurokratik jarayonlar yuzasidan muammolar hamda ularni hal etish bo‘yicha takliflarini bildirsa, 2 mln so‘mgacha pul mukofoti olishi mumkin. Bu haqda 21-sentabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Byurokratiyasiz O‘zbekiston” mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori o‘rinbosari Tohirjon Safarovning aytishicha, prezidentning 2025-yil 28-noyabrdagi farmoyishi bilan “Byurokratiyani bartaraf etish — 2030” dasturi ishlab chiqilgan.

Safarov so‘zlariga ko‘ra, BAA bilan hamkorlikdagi ushbu dastur doirasida davlat organlari funksiyalarini 30 foizga qisqartirish, biznesga qo‘yiladigan talablarni 20 foizgacha maqbullashtirish va elektron davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish maqsad qilingan. Dasturni muvofiqlashtirish uchun Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi huzurida Loyiha ofisi tashkil etilgan.

Agentlik vakili bugun davlat organlarida 5650 ta funksiya, biznes faoliyatini tartibga soluvchi 42 mingdan ziyod majburiy talab va 1041 ta davlat xizmati mavjudligini aytdi. Shuningdek, tizimda ortiqcha tartib-taomillar, qog‘ozbozlik va takrorlanuvchi talablar hanuz saqlanib qolayotgani qayd etildi. Bu esa ortiqcha talab va hujjatlarni qisqartirish, xizmatlarni raqamlashtirish hamda inson omilini kamaytirish zarurligini ko‘rsatadi. Mazkur jarayonda fuqarolar va tadbirkorlarning real tajribasi, ular duch kelayotgan muammolar va fikrlarini o‘rganish muhim ahamiyatga ega.

Shu sababli “Byurokratiyasiz O‘zbekiston” raqamli platformasi ishga tushirildi. U orqali byurokratiyani bartaraf etish bo‘yicha takliflarni yuborish va ko‘rib chiqish, shuningdek, davlat organlari faoliyati samaradorligini baholash ko‘zda tutilgan.

“Fuqaro davlat xizmatini olish uchun imkon qadar kamroq harakat qilishi, davlat organi esa o‘zida mavjud bo‘lgan ma’lumotlardan samarali foydalangan holda ushbu xizmatlarni tezkor va sifatli ko‘rsatishi kerak”, — deydi agentlik direktori o‘rinbosari.

Uning ta’kidlashicha, dastur doirasida 2030-yilga qadar 1043 ta davlat xizmatining 95 foizini onlayn shaklga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Hozir 227 ta xizmat an’anaviy usulda ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, kompozit xizmatlarni ko‘paytirish ham maqsad qilingan. Ya’ni bir masalani hal qilish uchun fuqaro uch-to‘rtta idoraga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelsa, ushbu jarayonlarni birlashtirish va zarur ma’lumotlarni idoralarning o‘zi olishi rejalashtirilgan.

“Biz byurokratiyani bartaraf etishda faqat bitta xizmatni soddalashtirish bilan cheklanmasdan, fuqaroning muammosini boshidan oxirigacha hal qilishni maqsad qildik”, — deydi Safarov.

Uning aytishicha, islohot samarasi ichki hisobotlar bilan emas, fuqaro va tadbirkor uchun yaratilgan real natija bilan o‘lchanishi kerak.

“Qilingan o‘zgarish natijasida fuqaroning qancha vaqti tejaldi, tadbirkorning qanday xarajatlari kamaydi va xizmatdan foydalanuvchining qoniqish darajasi qanchalik oshdi — asosiy savol shu bo‘lishi lozim”, — deydi u.

Safarovning ta’kidlashicha, joriy yildan “Byurokratiyani bartaraf etish” milliy reytingi joriy etildi. Yil yakuniga qadar 72 ta davlat idorasi va vazirlikning byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha faoliyati baholanadi.

Bunda ham yana o‘sha uchta mezon — fuqaroning qancha vaqti tejalgani, tadbirkor xarajatlarining kamaygani va xizmatdan foydalanuvchining qoniqish darajasi hisobga olinadi.

Davlat idoralari o‘rtasidagi byurokratiyani qisqartirish uchun G2G — “hukumatdan hukumatga” (ya’ni davlat idoralari o‘rtasidagi o‘zaro axborot almashuvi) munosabatlarni raqamlashtirishga qaratilgan strategik rejalashtirishning yagona raqamli platformasi ham ishlab chiqildi. U orqali strategik hujjatni ishlab chiqish, xarajatlarni hisoblash, moliyalashtirish, ijroni monitoring qilish va natijaning insonga ta’sirini baholash jarayonlari yagona tizimga birlashtiriladi.

“Haftalab davom etadigan qog‘ozbozlik va kelishuv jarayonlarini raqamli tizimga o‘tkazish orqali bir zumga aylantirishga harakat qilyapmiz”, — deydi Safarov.

“Byurokratiyasiz O‘zbekiston” tashabbusining amaliy qismi uchun murojaat.byurokratiyasiz2030.uz platformasi ishlab chiqildi.

Sirojiddin To‘rabekovning tushuntirishicha, platforma orqali fuqarolar va tadbirkorlar davlat idoralari bilan munosabatlarda duch kelayotgan takroriy, ortiqcha yoki raqamlashtirish mumkin bo‘lgan jarayonlar bo‘yicha taklif berishi mumkin.

Har bir taklifda muammoning aniq tavsifi, uning oqibati yoki vaqt va resurs yo‘qotishi, amaliy yechim hamda imkon bo‘lsa, tasdiqlovchi dalillar ko‘rsatilishi lozim.

Uning aytishicha, bu platforma Xalq qabulxonasi yoki oddiy murojaat portalidagi shaxsiy muammoni hal etishga qaratilgan murojaatlardan farq qiladi.

“Bizning platformamizda tizimli, faqat bir kishining muammosini hal qilishga yo‘nalmagan, butun jamiyat yoki muayyan qatlam uchun yechim taklif qila oladigan jarayonlarni taklif qilish ko‘zda tutilgan”, — deydi To‘rabekov.

Platformada taklifni ochiq yoki anonim tarzda yuborish mumkin. To‘rabekov bu imkoniyat davlat idorasidagi muammodan xabardor bo‘lgan, ammo shaxsini oshkor qilishdan xavotirlanayotgan fuqarolar uchun ham yaratilganini aytdi.

“Fuqaro o‘zi ishlaydigan idorada muammo borligini biladi, lekin shaxsini ko‘rsatsa, keyinchalik rahbariyati bilan munosabatlarida noqulaylik yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun anonim tarzda ham takliflarni qabul qilish yo‘lga qo‘yildi”, — deydi u.

To‘rabekovning ma’lum qilishicha, takliflar dastlab Loyiha ofisi tomonidan saralanadi. Mavzuga aloqasi bo‘lmagan yoki dastur talablariga mos kelmaydigan murojaatlar ajratib olinadi. Shundan so‘ng tizimli byurokratik muammolarga oid takliflar soha ekspertlariga yuboriladi.

“Biz beshta yo‘nalishda tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik”, — deydi u.

Tadbirkorlikka oid takliflar Savdo-sanoat palatasi yoki biznes ombudsman tomonidan baholanadi. Fuqarolar hayotiga daxldor masalalarda “Yuksalish” umummilliy harakati yoki Taraqqiyot strategiyasi markazi ekspert sifatida ishtirok etadi. Taklifni my.gov.uz orqali raqamlashtirish imkoniyatini Raqamli texnologiyalar vazirligi baholaydi. Yakuniy bosqichda taklifning amaldagi qonunchilikka muvofiqligi Adliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Unga ko‘ra, 2026-yilda kamida 1000 ta jarayonni aniqlash va optimallashtirish maqsad qilingan.

“Kamida 1000 ta jarayonni aniqlab, optimizatsiya qilishni rejalashtirganmiz. Bu tashabbus 2030-yilgacha har yili davom etadi”, — deydi To‘rabekov.

Fuqarolar muammolar va takliflarini portalga 21-sentabrdan 20-noyabrga qadar yuborishi lozim.

Safarovning qayd etishicha, fuqarolar va tadbirkorlardan kelib tushgan takliflar orasidan eng yaxshi 50 tasi saralanadi. Ularning mualliflariga 2 mln so‘mgacha pul mukofoti beriladi. Birinchi bosqichda ushbu maqsad uchun 100 mln so‘m ajratilgan.

“Hozircha 100 mln so‘m ajratdik. Umuman olganda, maqsadimiz 2030-yilga qadar 3 mln dollar ajratish. Bu borada harakat qilyapmiz”, — deydi Safarov.

Mukofot olishni istagan muallif platformada kontakt ma’lumotlarini qoldirishi kerak. Bu muallifni aniqlash va taklif haqiqatan uning o‘ziga tegishli ekanini tekshirishda foydalaniladi.

Aziza Umarova tashabbusni butun respublika bo‘ylab yoyish muhimligini ta’kidladi.

“Biz bu tashabbus orqali butun respublikani qamrab olmoqchimiz. Nafaqat Toshkent shahri yoki viloyatlar markazlari, balki olis hududlarda yashayotgan aholidan ham takliflar olsak, juda xursand bo‘lardik”, — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat xizmatlarining bir qismi raqamlashtirilgan bo‘lsa-da, eng murakkab masalalar ko‘pincha bir nechta idora ishtirokini talab qiladi.

“Bitta idoraga tegishli davlat xizmatlari allaqachon tartibga solingan. Lekin eng qiyin masalalarning barchasi to‘rt-beshta idoraga bog‘liq. Masalan, aliment, nafaqa berish yoki nogironlik masalalari. Demak, urg‘uni aynan kompozit davlat xizmatlariga berishimiz kerak”, — deydi Umarova.

U tashabbusni aholiga sodda tilda tushuntirish uchun “yugur-yugur” iborasidan foydalanish mumkinligini aytdi.

“Byurokratiyani odamlar ko‘pincha „yugur-yugur“ iborasi bilan solishtiradi. Bu — xalq uchun tushunarli ibora. Biz „yugur-yugurni kamaytiramiz“ kabi sodda, yumorga asoslangan yondashuv bilan ko‘proq odamning e’tiborini torta olamiz degan gipotezani o‘rtaga tashlayapmiz”, — deydi u.

Matbuot anjumanida dasturning Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgani bo‘yicha izoh so‘raldi.

Umarovaning aytishicha, BAAda davlat xizmatlarini raqamlashtirish va davlat organlari funksiyalarini tizimlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston uchun qiziqarli tajriba bor.

“Asosiysi, BAAda davlat xizmatlarining barchasi allaqachon onlaynga o‘tgan. Bu davlat ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lyapti”, — deydi u.

Uning ta’kidlashicha, BAAda Khadamati nomli reyestr mavjud.

“Ularda har bir funksiya muayyan tashkilotga bog‘langan holda shaffof va samarali yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, 68 ta idora bitta yagona darcha usulida xizmat ko‘rsatyapti. Biz esa to‘rt-beshta idorani birlashtirib xizmat ko‘rsatishni o‘ylayapmiz. Ilg‘or davlatlardan o‘rgansak, yillab vaqt sarflamasdan, bu tajribani o‘zimizga tatbiq qilishimiz va tasavvurimizni kengaytirishimiz mumkin”, — deydi Umarova.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan davlat boshqaruvida yangi vazirlik, agentlik va lavozimlarning tashkil etilishi byurokratiyani oshirishga qanchalik ta’sir qilishi haqida savol berildi.

Oybek Xidirovning aytishicha, hozir davlat tashkilotlarining o‘zi bilan birga ularning vazifa va funksiyalari ham xatlovdan o‘tkazilmoqda.

“Takrorlanuvchi, eskirgan va byurokratik to‘siq sifatida ko‘riladigan vazifa va funksiyalar ham qayta xatlovdan o‘tkazilib, ularni birxillashtirish va kamaytirish choralari ko‘riladi”, — deydi u.

Xidirovning ta’kidlashicha, bu jarayonda davlat tashkilotlarining funksiyalari bo‘yicha yagona reyestr shakllantirish ham asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

“Nima uchun yangi davlat tashkiloti yuzaga keladi? Chunki funksiya va vazifalarning yagona ro‘yxati mavjud emas. Agar yagona funksiyalar ro‘yxati shakllantirilsa, shundan kelib chiqib davlat tashkilotlarida o‘zgarish qilish masalasi ko‘tariladi”, — deydi Adliya vazirligi vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tashkilot tuzilishidan oldin u bajaradigan vazifani amalda qaysi davlat organi bajarayotgani aniqlanishi kerak.

“Agar bitta vazifa yoki funksiya bir nechta davlat tashkilotida bo‘ladigan bo‘lsa, shu vazifa-funksiyalarni qisqartirish hisobidan davlat tashkilotida o‘zgarish bo‘ladi va ushbu funksiyani faqat bitta davlat tashkiloti amalga oshiradi”, — deydi Xidirov.

Uning aytishicha, bunday yondashuv yangi tashkilotlarning vazifalari avvaldan mavjud davlat organlarining funksiyalari bilan takrorlanishining oldini olishga qaratilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.