Mahalliy

“Oʻzbekistonda 2030-yilgacha kambagʻallikka mutlaq barham berish maqsad qilingan” — Bandlik vazirligi vakili

Bandlik vazirligi vakilining maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston 2030-yilga qadar kambagʻallikni butunlay yoʻq qilishni maqsad qilgan. Bu haqda vazirlik mutaxassisi Farrux Toshpoʻlatov “Renessans” telekanaliga bergan intervyusida soʻz yuritdi.

Vazirlik vakili dastlabki rejalarga koʻra, keyingi toʻrt yil ichida kambagʻallik darajasini ikki baravar kamaytirish koʻzda tutilganini, ammo bu maqsadga muddatidan ancha oldin erishilganini taʼkidladi.

“BMTning barqaror rivojlanish boʻyicha milliy maqsadlari orasida mamlakatimizda kambagʻallik darajasini 2030-yilga qadar ikki barobarga qisqartirish maqsadi bor edi. Biz bu koʻrsatkichga 2025-yilning oʻzida erishdik. Endilikda 2030-yilga borib Oʻzbekistonda kambagʻallikka mutlaq barham berish asosiy maqsad qilib belgilandi”, — dedi u.

Farrux Toshpoʻlatov intervyu davomida kambagʻal oilalar uchun barqaror ish oʻrinlari va daromad manbalarini yaratish ustida jadal ish olib borilayotganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, soʻnggi 8 yil ichida 700 ming tadbirkor oʻzining barqaror biznesiga ega boʻlgan.

“Aholining biznes va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash natijasida oʻtgan toʻrt yil mobaynida 1 millionta mikroloyihalar ishga tushirilib, 1,8 million ish oʻrinlari yaratildi. Bundan tashqari, 800 ming aholiga ijara asosida 250 ming gektar yer maydonlari daromadli aktiv sifatida ajratib berildi. Bu orqali bir kontur, bir mahsulot tamoyili asosida mahsulot yetishtirish yoʻlga qoʻyilmoqda”, — deydi mutaxassis.

Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbirida mamlakatda kambagʻallik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirilgani maʼlum qilingan edi. 2025-yil sentyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev 2030-yilga qadar respublikada kambagʻallikka toʻliq barham berish imkoniyati mavjudligini aytgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.