Oʻzbekiston yana Yevropa Ittifoqidan migrantlarni qabul qiluvchi davlatlar qatorida tilga olindi

Oʻzbekiston yana Ittifoq hududida qolish huquqi rad etilgan migrantlarni qabul qilishi mumkin boʻlgan davlatlar qatorida tilga olindi. Ushbu tashabbus Gretsiya boshchiligidagi YEIning beshta davlatidan iborat guruh tomonidan ilgari surilmoqda, pilot loyihasini ishga tushirish esa 2027 yilning birinchi yarmiga rejalashtirilgan.
Bu haqda Gretsiya migratsiya va boshpana vaziri Fanos Plevris maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, Daniya, Avstriya, Gretsiya, Germaniya va Niderlandiya boshpana soʻrovi rad etilgan shaxslarni YEI tashqarisidagi uchinchi mamlakatlarga yuborish imkonini beruvchi mexanizm yaratmoqchi.
Qabul qilishi mumkin boʻlgan ehtimoliy davlatlar qatorida Ruanda, Uganda va Oʻzbekiston nomlari keltirilmoqda. Shu bilan birga, ushbu masala boʻyicha hozircha yakuniy kelishuvlar mavjud emas.
Plevris gap migrantlar uchun yopiq markazlar haqida ketmayotganini taʼkidladi. Boshpana berish rad etilganidan keyin shaxs yoki oʻz kelib chiqish mamlakatiga qaytishi, yoki Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi uchinchi davlatga yuborilishi mumkin boʻladi.
YEIning beshta davlati pilot mexanizmni 2027 yilning birinchi yarmida ishga tushirishni, yilning ikkinchi yarmida esa uni toʻliq joriy etishni rejalashtirmoqda. Ushbu davrda Gretsiya YEI Kengashiga raislik qiladi.
Loyiha hozircha ishlab chiqish bosqichida: migrantlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari va moliyalashtirish masalalari muhokama qilinmoqda. Iyun oyida YEI Kengashi va Yevroparlament uchinchi davlatlar fuqarolarini qaytarishning yangi qoidalarini oldindan kelishib oldilar. Bu qoidalar kelishuvlar mavjud boʻlgan va xalqaro normalarga, jumladan, odamlarni taʼqib qilinishi mumkin boʻlgan joylarga qaytarmaslik printsipiga rioya qilingan taqdirda, YEI tashqarisida qaytarish markazlarini tashkil etish imkoniyatini ham oʻz ichiga oladi.
Hozirgi vaqtda YEI va Oʻzbekiston oʻrtasida rasmiy kelishuvlar mavjud emas. Bundan tashqari, avvalroq Yevropa Ittifoqi Toshkent bilan bunday markazlarni tashkil etish boʻyicha muzokaralar olib borilayotgani haqidagi xabarlarni rad etgan edi.

