Dunyo

Yevroittifoqning beshta davlati 2027-yilgacha noqonuniy muhojirlarni deportatsiya markazlariga yuboradi

Yevroittifoqning besh davlati 2027-yilgacha noqonuniy muhojirlarni deportatsiya markazlariga jo‘natadi

Yevroittifoqning beshta davlati 2027-yilgacha hujjatsiz muhojirlarni ittifoq hududidan tashqarida barpo etiladigan deportatsiya markazlariga yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda 4-sentyabr kuni Kopengagendagi uchrashuvdan keyin ma’lum qilindi. Unda Daniya, Avstriya, Germaniya, Niderlandiya va Gretsiya ichki ishlar vazirlari ishtirok etdi.

Vazirlar “qaytish markazlari” modelini kelishib oldi. Bu muassasalar boshpana so‘rovi rad etilgan va o‘z vataniga qaytarishning imkoni bo‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan.

Hozir besh davlat bunday markazlarni bir yoki bir nechta hamkor mamlakatda tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Qaysi davlatlar ekani oshkor etilmagan. Biroq OAV xabarlariga ko‘ra, Uganda va Ruanda eng ehtimoliy variantlar sifatida ko‘rilmoqda.

“Bugun qabul qilingan ko‘rsatmalar keyingi harakatlar uchun asos bo‘ladi. Maqsadimiz — 2027-yilgacha ilk noqonuniy muhojirlar partiyasini YI tashqarisidagi hamkor davlatga yuborishga tayyor bo‘lish”, dedi Daniya migratsiya vaziri Morten Bedyoskov.

U bunday markazlar qamoqxona yoki lager emasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu joylarda hamkor davlatlar noqonuniy muhojirlarga yangi imkoniyat beradi.

Besh davlat ushbu markazlarni to‘liq moliyalashtirishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ular hamkorlarga qo‘shimcha mablag‘ ajratishi, tijorat bitimlari tuzishi yoki boshqa imtiyozlar taklif qilishi mumkin.

“Qaytish markazlari tizimi YIga kirmaydigan davlatlar bilan teng va o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida tashkil etiladi”, deyiladi ko‘rsatmada.

Yangi model YIga noqonuniy ko‘chib o‘tuvchilar sonini sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda.

“Bizning umumiy maqsadimiz — noqonuniy migratsiyani nolga tushirish”, dedi Avstriya ichki ishlar vaziri Gerhard Karner.

Shu bilan birga, potensial hamkorlar bilan uchrashuvlar davom etmoqda. Muhokamalar tobora chuqurlashib va samaraliroq bo‘lib bormoqda, dedi Gretsiya migratsiya vaziri Tanos Plevris. U yaqin orada kelishuv e’lon qilinishiga umid bildirdi.

Besh vazir sentyabr oyi oxirida Myunxenda yana uchrashishni rejalashtirmoqda. YIga kirmaydigan davlatlar bilan tuzilgan bitimlar markazlardagi muhojirlar tartibini, ularning yashash sharoitlarini va YI davlatlarining majburiyatlarini belgilab beradi.

Vazirlarning ta’kidlashicha, loyiha BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari va Xalqaro migratsiya tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Loyiha YI qonunchiligi va xalqaro majburiyatlarga to‘liq mos keladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.