Oʻzbekiston terma jamoasi Yapadagi Paraosiyo oʻyinlarida 101 ta medalni qoʻlga kiritdi

Oʻzbekiston terma jamoasi Yaponiyadagi Paraosiyo oʻyinlarida 101 ta medal qoʻlga kiritdi
Oʻzbekiston terma jamoasi Yaponiyaning Ayti va Nagoya shaharlarida oʻtkazilayotgan Paraosiyo oʻyinlarida 101 ta medalni qoʻlga kiritdi. Jamoa hisobida 32 ta oltin, 35 ta kumush va 34 ta bronza mukofoti bor.
Eng eʼtiborga molik muvaffaqiyatlardan biri Ayollar parapauerliftingida Roza Kuziyevaning chiqishi boʻldi. U 152 kilogrammni koʻtarib, oltin medalni qoʻlga kiritdi va jahon rekordini oʻrnatdi.
Yengil atletikachilar ham oʻzlarini aʼlo darajada koʻrsatishdi. Shahinaxon Yigitaliyeva F46 klassida nayza uloqtirishda 44,99 metr natija bilan gʻalaba qozonib, Paraosiyo oʻyinlari rekordini oʻrnatdi. Ushbu distsiplinada kumush medal nayzani 41,91 kilometrga uloqtirgan Husnoraxon Qudratullayevaga nasib etdi.
Yadro uloqtirishda Barotjon Baxtiyorov F36 klassida 15,98 metr natija bilan chempion boʻldi va musobaqa rekordini yangiladi. Dilafruzxon Ahmadxonova F35 klassida kumush, Zuhro Fayzullayeva esa bronza medalini qoʻlga kiritdi. Kumush medallarni shuningdek, uzunlikka sakrashda Sevinchbek Husanov va yadro uloqtirishda Mohigul Sharobiddinova ham olishdi.
Parayengil atletikada yana uchta oltin mukofotni Doston Qahhorov, Boburjon Omonov va Qudratilloxon Maʼrufxoʻjayev keltirishdi. Ularning har biri Paraosiyo oʻyinlari rekordini oʻrnatdi. Xurshid Qodirov F32 klassida yadro uloqtirishda 9,40 metr natija koʻrsatib va musobaqa rekordini yangilab, gʻolib boʻldi.
Parasuzishda Yegor Bolotov 100 metrga chalqancha suzish masofasida 58,43 soniya natija bilan gʻalaba qozondi va Osiyo rekordini oʻrnatdi. Shossedagi paravelosportda bronza medalini Pokiza Ahmadbekova qoʻlga kiritdi.
Jamoaning medallar sandigʻiga paradzyudo va parataekvondo, shuningdek, boshqa distsiplinalar vakillari ham oʻz hissalarini qoʻshishdi.
Oʻyinlar Yaponiyaning Ayti va Nagoya shaharlarida boʻlib oʻtmoqda. 22 oktyabr holatiga koʻra, Oʻzbekiston 101 ta medal bilan umumiy jamoa hisobida ikkinchi oʻrinda bormoqda. Musobaqalar davom etmoqda, shuning uchun terma jamoa oʻz natijasini yanada yaxshilashi mumkin.

