Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi soʻnggi 35 yil ichida Oʻzbekistonning asosiy koʻrsatkichlarini eʼlon qildi
Savdo-sanoat palatasi O‘zbekistonning 1991–2026 yillardagi aholi, YAIM, eksport, investitsiya, taʼlim va turizm ko‘rsatkichlarini taqdim etdi.

Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi mamlakatning soʻnggi 35 yildagi asosiy koʻrsatkichlarini eʼlon qildi.
Toshkent, Oʻzbekiston (UzDaily.uz) —
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi mamlakat mustaqillikka erishgan yillardan buyon kuzatilgan asosiy ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarni taqdim etdi. Palata 1991-yildan 2026-yilgacha boʻlgan turli davrlarga oid maʼlumotlarni oʻzaro taqqosladi.
SSP maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonning doimiy aholisi 1991-yildagi 20,6 million kishidan 2026-yil 1-yanvar holatiga 38,2 million kishiga yetgan.
Yalpi ichki mahsulot hajmi 1994-yildagi 6,4 milliard dollardan 2025-yilda 147,1 milliard dollarga oshgan. Shu davrda tashqi savdo aylanmasi 1991-yildagi 3,3 milliard dollarga nisbatan 82,8 milliard dollarga yetgan.
Mamlakat eksporti 2025-yilda 34,2 milliard dollarni tashkil etgan. 1991-yilda esa eksport hajmi 1,8 milliard dollar deb baholangan. Investitsiyalar hajmi 1991-yildagi 1,1 milliard dollardan 2025-yilda 48,5 milliard dollarga oshgan.
Sanoat va qurilish sohalarida ham sezilarli oʻsish kuzatilgan. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1991-yildagi 3 milliard dollardan 2025-yilda 87,5 milliard dollarga oshgan. Qurilish ishlari hajmi esa 1995-yildagi 611 million dollardan 2025-yilda 25 milliard dollarga yetgan.
Mustaqillik yillarida taʼlim muassasalari tarmogʻi ham kengaydi. Oliy taʼlim tashkilotlari soni 1991/1992 oʻquv yilidagi 52 tadan 2025/2026 oʻquv yilida 215 taga yetgan. Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari soni ham shu davrda 8 557 tadan 11 118 taga oshgan.
Shifoxonalar soni ham koʻpaygan — 1991-yildagi 1 388 tadan 2024-yilda 1 972 taga yetgan. Aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga oshgan.
Xonadonlarni avtomobillar va mobil telefonlar bilan taʼminlash darajasida ham oʻzgarishlar kuzatilgan. 2010-yilda har 100 ta xonadonga 21 ta avtomobil toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkich 61 taga yetgan. Shu davrda har 100 ta xonadonga toʻgʻri keladigan mobil telefonlar soni 145 tadan 359 taga oshgan.
Turistik oqim ham koʻpaygan. Agar 2012-yilda Oʻzbekistonga 1,9 million nafar sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, 2025-yilda ularning soni 11,7 million kishiga yetgan.
1-yanvar holatiga faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni ham 2010-yildagi 201 mingtadan 2025-yilda 474,9 mingtaga oshgan.

