Mahalliy

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari uchun 1 million nusxa kitob xarid qilish taklif etildi

Oʻzbekistonda Qurolli Kuchlar tarkibidagi harbiy qism va muassasalar kutubxonalarini 1 million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash rejalashtirilmoqda. Loyihaga koʻra, muddatli harbiy xizmatchilar «Alpomish», «Boburnoma», «Oʻtgan kunlar» kabi asarlar hamda Choʻlpon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Muhammad Yusuf ijodidan qator sheʼrlarni oʻqib-oʻrganishi ham nazarda tutilgan.

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari uchun 1 million nusxa kitob xarid qilish taklif qilindi

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida harbiy xizmatchilarning kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar haqidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlandi.

Hujjatning asosiy maqsadi harbiy xizmatchilarning kitob oʻqish madaniyatini yuksaltirish, ularning maʼnaviy-axloqiy fazilatlari, intellektual salohiyati va dunyoqarashini oshirish, shuningdek milliy hamda jahon adabiyotining sara namunalarini keng targʻib qilishdan iborat.

Loyiha doirasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamda Yoshlar ishlari agentligining Qurolli Kuchlar tarkibidagi harbiy qism va muassasalar kutubxonalarini 1 million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash haqidagi taklifiga rozilik berish nazarda tutilgan.

Loyihaga muvofiq, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya 1 million nusxadagi adabiyotlarni xarid qilish bo‘yicha buyurtmachilar etib belgilanadi.

Kitoblarni Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar oʻrtasida alohida taqsimot asosida ajratish rejalashtirilgan.

Masʼul vazirlik va idoralarga bir oy muddatda harbiy qism va muassasalar kutubxonalari uchun xarid qilinadigan kitoblar roʻyxatini tasdiqlash vazifasi yuklanishi mumkin.

Roʻyxatga harbiy xizmatchilar orasida vatanparvarlik, fidoyilik va mehnatsevarlik kabi fazilatlarni targʻib etuvchi badiiy, tarixiy, harbiy-vatanparvarlik, ilmiy-ommabop va sohaga oid adabiyotlar kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihada muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan oʻqib-oʻrganilishi lozim boʻlgan bir qator asarlar ham alohida qayd etilgan.

Jumladan:

- «Alpomish» dostoni;

- Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asari;

- Abdulla Qodiriyning «Oʻtgan kunlar» romani;

- Abdulhamid Choʻlponning «Goʻzal Turkiston» va «Xalq dengizdir» asarlari;

- Erkin Vohidovning «Oʻzbegim» va «Inson» qasidalari;

- Abdulla Oripovning «Oʻzbekiston» sheʼri;

- Muhammad Yusufning «Hech kimga bermaymiz seni, Oʻzbekiston» sheʼri.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.