O‘zbekistonda madaniyat markazlariga kitob sotish vakolati berilishi mumkin

O‘zbekistonda madaniyat markazlariga kitob sotish huquqi berilishi mumkin. Bu taklif Vazirlar Mahkamasining “Kutubxonalar faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirish va kitob savdosi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida o‘z aksini topgan.
Loyihaga ko‘ra, Madaniyat vazirligi 2027-yil 25-aprelga qadar madaniyat markazlarining nizomini ishlab chiqib, tasdiqlashi lozim. Ushbu nizomda madaniyat markazlariga kitob savdosi bilan shug‘ullanish vakolatini berish hamda kitob savdosini samarali tashkil etgan xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish mexanizmi belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Kitob savdosini hududlardagi tuman va shahar madaniyat markazlarida bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Buning uchun manzilli ro‘yxat tuzilib, savdo tizimi reja asosida tashkil etiladi. Kitob savdosini samarali tashkil qilgan xodimlarni rag‘batlantirish har olti oyda bir marta amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan biri kutubxonalar faoliyatini rivojlantirish bilan birga kitob savdosi tizimini takomillashtirishdan iborat. Hujjatda yangi adabiyotlarni hududlarda mualliflar ishtirokida targ‘ib qilish, eng ko‘p o‘qilgan kitoblar mualliflarini qo‘shimcha moliyaviy rag‘batlantirish va kitobxonlikni kengaytirishga qaratilgan boshqa choralar ham belgilangan.
Shuningdek, 2027-yildan boshlab har yili mart oyida “Kitob karvoni” aksiyalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu aksiyalar doirasida ta’lim muassasalari, kutubxonalar va mahallalarga adabiy-ma’rifiy mavzudagi kitoblarni bepul yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Toshkent shahridagi 12 ta tumanning har birida yirik, interaktiv va zamonaviy kutubxona qurilishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning so‘zlariga ko‘ra, kutubxonalar shunchaki kitob saqlanadigan binolar emas, balki yiliga millionlab odam tashrif buyuradigan jamoat maskanlariga aylantirilishi ko‘zda tutilgan.

