Mahalliy

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari: tarix, salohiyat va istiqbol haqida

**O‘zbekiston Qurolli Kuchlari: Tarix, Salohiyat va Kelajak Istiqbollari**

35 yil – inson hayotida yetuklikka erishish, o‘tmishga nazar tashlab mulohaza yuritish uchun yetarli muddat. Ammo tarix miqyosida bu juda qisqa davr. Shunga qaramay, 35 yil ichida yirik davlatlar paydo bo‘lishi yoki mavjudlari parchalanishi, o‘nlab, hatto yuzlab millionlar hayotiga ta’sir qiluvchi ulkan voqealar sodir bo‘lishi mumkin. Bu davr mobaynida zulm ostidagi xalqlar ozodlikka erishishi yoki aksincha holat yuz berishi ham mumkin.

O‘zbekiston o‘z taqdirini o‘zi belgilashni boshlaganiga va xalqaro maydonda mustaqil subyekt sifatida o‘z o‘rnini egallaganiga 35 yil to‘ldi. Bu davr mobaynida yosh respublikaning mavjudligini saqlab qolishda, chegaralarining daxlsizligini ta’minlashda va eng muhimi, xalqimizning tinch-osuda hayot kechirishida Qurolli Kuchlarimizning xizmati beqiyosdir.

Ushbu maqolada Qurolli Kuchlarimizning tarixi, tuzilishi, harbiy texnikalari, O‘zbekiston mudofaa sanoati kompleksi va yangi xaridlar haqida batafsil ma’lumot beriladi.

**Boshlanish Nuqtasi**

Siyosatshunoslikda davlatning uchta asosiy belgisi sifatida hudud, aholi va suveren hokimiyat sanaladi. Biroq, Qurolli Kuchlarsiz na sarhadlar daxlsizligini ta’minlash, na muayyan chegaralar ichida mustaqil siyosat yuritish imkoni mavjud emas. Aynan shu sababdan O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq milliy va professional armiyani tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratdi.

1991-yil 6-sentyabrda Prezident Islom Karimovning farmoni bilan Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etildi. Shundan so‘ng bosqichma-bosqich uning huquqiy asoslari mustahkamlanib, tashkiliy tuzilmasi yo‘lga qo‘yildi. Yosh respublika uchun 1992-yil 14-yanvar tarixiy kunga aylandi. Aynan shu sanadan boshlab SSSR Qurolli Kuchlarining O‘zbekiston hududidagi barcha harbiy qismlari, o‘q-dori omborlari, mashg‘ulot poligonlari va o‘quv yurtlari mamlakat tasarrufiga o‘tkazildi. Keyinchalik bu sana Vatan himoyachilari kuni sifatida keng nishonlanadigan bo‘ldi.

Yosh respublikaning Qurolli Kuchlari Turkiston harbiy okrugining moddiy-texnik bazasi asosida tashkil etildi. Bu jarayonda, ayniqsa, Afg‘onistonda jang qilgan 40-armiya muhim rol o‘ynadi. Gap shundaki, sovetlar Afg‘onistonga bostirib kirish uchun Turkiston va O‘rta Osiyo harbiy okruglaridan qo‘shin va harbiy texnikalar olib, ushbu tuzilmani shakllantirgan edi. Qizil Armiya Afg‘onistondan olib chiqilgach, ko‘p sonli harbiy avtomobillar, tanklar, artilleriya tizimlari, jangovar bortlar va boshqalar O‘zbekiston hududida qoldi. Keyinchalik milliy armiyamiz aynan shu 40-armiyaning moddiy-texnik bazasi asosida qurildi.

Biroq Moskva bunday qimmatli aktivlardan osonlikcha voz kechishni istamasdi. O‘zbekistonning birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedov SSSR Quruqlikdagi qo‘shinlari Bosh qo‘mondoni Vladimir Semyonov bilan bo‘lgan voqeani shunday eslaydi:

"Bu yerga Semyonov degan odam keldi. U quruqlikdagi qoʻshinlar bosh qoʻmondoni edi. Semyonov menga Farg‘onadagi bir yuz beshinchi havo desant diviziyasining taqdirini hal qilish uchun kelganini aytdi. Men unga “Siz nima qilmoqchisiz? Olib chiqib ketish niyatidamisz? Ular nima, strategik kuchlarmi?", dedim.

U menga qarab, "Nima, oʻzbeklar parashyutdan sakray oladimi?" deb so‘radi. "Allaqa­chon sakrashyapti. Ularni olib chiqib ketmoqchimisiz? Men ruxsat bermayman. Hududda maxsus ichki qoʻshinlar bor, uch yarim ming kishi. Ular yo‘lingizni toʻsib qoʻyadi. Qolaversa, ofitserlarning oʻzi xizmat qilishni xohlamaydi. Rossiya bu SSSR emas, Sovet Ittifoqi emas. Bu endi butunlay boshqa davlat." U "Nima, jang bilan chiqib ketamizmi?" deb so‘radi. Men esa aytdim: “Harakat qilib koʻring”.

Qizil imperiyaning parchalanishi Yugoslaviyaga qaraganda ancha tinchroq kechdi. Shu bois O‘zbekiston yirik qurolli mojaro domiga tortilmadi. Biroq mamlakatning o‘z muammolari bor edi. Bu qo‘shni mamlakatda yuz bergan fuqarolar urushi, terrorchi guruhlarning vaziyatni izdan chiqarishga bo‘lgan urinishlari bilan bog‘liq edi.

Mustaqil O‘zbekiston Qurolli Kuchlari yuzlashgan dastlabki yirik sinovlardan biri 1992-yilda Tojikistonda boshlangan fuqarolar urushi edi. O‘zbekiston qo‘shni davlatda yuz berayotgan voqealarni jim kuzata olmasdi, chunki vaziyat izdan chiqsa, bu yosh mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdid solardi. Shu bois Toshkent mojaroga faol aralasha boshladi. Prezident Karimovning buyrug‘i bilan Imomali Rahmon nazoratidagi kuchlar faol qo‘llab-quvvatlandi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, O‘zbekiston qurol-yarog‘ yetkazib berish va logistik yordam bilan cheklanmay, hal qiluvchi operatsiyalarda o‘z maxsus kuchlari bilan qatnashgan. Mamlakat harbiy aviatsiyasi esa muxolifat lagerlariga zarba bergan.

Ikkinchi jiddiy sinov 1999-yilga to‘g‘ri keldi. O‘shanda jangarilar Tojikiston orqali Qirg‘izistonning Botken viloyatiga kirib keldi. Ular ayrim aholi punktlarini egallab, odamlarni garovga oldi. Qirg‘iziston tinch aholini ozod qilish va terrorchilarni o‘z hududidan siqib chiqarish uchun jangovar tajribaga ega qo‘shnisidan yordam so‘radi. O‘zbekiston harbiy-havo kuchlari va maxsus kuchlari Qirg‘iziston hamda Tojikistonda, shuningdek ular bilan chegaradosh hududlarda operatsiyalar olib bordi. Bu orqali jangarilar Farg‘ona vodiysiga kirib kelishining oldi olindi. Ammo eng jiddiy imtihon hali oldinda edi.

**“Tor-mor qilish operatsiyasi”**

Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga kira olmagan jangarilar bu safar Tojikiston orqali urinib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Ular 2000-yil iyul oyida Sarosiyo va Uzun tumanlarining tog‘li hududlariga kirib keldi. Shundan so‘ng O‘zbekiston kuch tuzilmalari hamkorligida terrorchilarga qarshi keng ko‘lamli operatsiya boshladi. Bu havodan va quruqlikdan baravar amalga oshirilgan, yuqori darajada muvofiqlashtirilgan yirik operatsiya edi.

*Foto: Sariosiyo voqealaridan*

Biroq missiya oson kechmadi. Jangarilar tog‘li relyefdan foydalanib, yashirinishga va pistirmalar qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Hududni terrorchi unsurlardan butunlay tozalash bir oydan ko‘proq vaqt oldi. Afsuski, o‘z xizmat vazifasini bajarish vaqtida jon bergan o‘g‘lonlar ham yo‘q emasdi.

Tojikistondagi fuqarolar urushi, Botken voqealari, Surxondaryoga bostirib kirgan jangarilarga qarshi amaliyot va boshqa katta-kichik xurujlar — bularning bari O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga qimmatli tajriba va o‘ziga bo‘lgan ishonch berdi. Ayni shu kuch-qudrat va siyosiy iroda sabab O‘zbekiston 11-sentyabr voqealariga qadar Markaziy Osiyoda tinchlikning asosiy kafolati bo‘lib keldi. Boshqacha aytganda, mintaqa xavfsizlik arxitekturasi Toshkent atrofida qurilgandi. Mamlakat nafaqat o‘z sarhadlarini, balki qo‘shni mamlakatlarni ham ishonchli himoya qildi. Terrorchilar xurujlarini bostirib, tartibsizlik keng yoyilishining oldini oldi. AQSH Afg‘onistonga qo‘shin kiritgan so‘ng ham o‘zini chetga tortmadi, balki xalqaro koalitsiyani bilvosita qo‘llab-quvvatladi.

**Bizda nimalar bor?**

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari harbiy va harbiylashtirilgan tuzilmalardan iborat murakkab institut hisoblanadi. Mudofaa vazirligi hamda Bosh shtab quruqlik kuchlari, Harbiy-havo kuchlari (HHK) va Havo hujumidan mudofaa (HHM) qo‘shinlarini tasarruf qiladi. Ular to‘rtta harbiy okrugga ajratilgan holda boshqariladi. Okruglarning bosh shtab kvartiralari Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Qarshi va Nukus shaharlarida joylashgan. Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tuzilmalari ham Qurolli Kuchlarning bir qismi hisoblanadi. Ularning barchasiga faqat bir kishi — Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni, ya’ni prezident birdek buyruq bera oladi.

*Shavkat Mirziyoyev mahalliy harbiy sanoat yutuqlari bilan tanishmoqda. Foto: president.uz*

Biroq avval ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari yadrosini Qizil Armiyadan qolgan moddiy-texnik baza tashkil etadi. Qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar ro‘yxati ancha keng bo‘lib, uning ichidan minglab nomlarni topish mumkin. Keling, harbiy havo kuchlaridan boshlasak. O‘zbekiston mustaqillikning ilk kunlaridan o‘z havo sarhadlarini Su-27 va MiG-29 qiruvchilari bilan muhofaza qilib keladi. Tuzilma bundan tashqari, Su-24 bombardimonchilari hamda Su-25 hujumchi samolyotlarini ham o‘z inventariga qabul qilib olgan. Ammo Su-24 hamda Su-27 samolyotlari anchadan buyon mudofaa vazirligi hamda davlat televideniyesi lavhalarida ko‘rinmay qoldi. Shundan kelib chiqib, ular uzoq muddatli saqlovga yuborilganini taxmin qilish mumkin.

MiG-29 qiruvchilariga kelsak, ular hanuz faol va mamlakat sarhadlarini himoya qilmoqda. Biroq o‘tgan asrda xizmatga kirgan bu “po‘lat lochinlar” o‘z parvoz resursining katta qismini ishlatib bo‘ldi. Shu bois O‘zbekiston qiruvchilar parkini zamonaviy uchoqlar bilan yangilashga bel bog‘lagan. Bu uchun Xitoyning J-10CE samolyotlari tanlab olingan.

*Foto: O‘zbekistonning J-10CE qiruvchisi*

Ular hozir tom ma’noda Xitoy harbiy sanoat kompleksining tashrif qog‘oziga aylangan. Nisbatan arzon narx, ekspluatatsiya xarajatlarning ozligi, keng spektrdagi qurol-yarog‘larni qo‘llash imkoniyati, zamonaviy elektron urush tizimlari, ilg‘or radarlar va yuqori aerodinamik imkoniyatlar ishlab chiqaruvchiga katta shuhrat olib kelgan. Mutaxassislarga ko‘ra, qiruvchi 4+ avlodiga mansub. Ya’ni u birgina missiyada turli vazifalarni bajara oladigan universal platforma hisoblanadi. Qolaversa, zamonaviy avionika, xususan AESA radlariga ega. Agar stels xususiyatini hisobga olmasa, u beshinchi avlod samolyotlaridan katta farq qilmaydi.

Eng muhimi, J-10CE bir vaqtning o‘zida ham MiG-29, ham Su-25 samolyotlarining o‘rnini bosa oladi. Biroq O‘zbekiston ularning ikkinchisini yaqin orada nafaqaga chiqarish niyatida emas. Buni Chirchiq shahrida olib borilayotgan keng ko‘lamli modernizatsiya dasturi tasdiqlaydi. Gap hujumchi samolyotning ham qo‘llarini, ham umrini uzaytirish haqida bormoqda.

*Foto: O‘zbekistonning Su-25 hujumchi samolyoti*

Su-25 samolyotlari quruqlik kuchlarini yaqin masofadan qo‘llab-quvvatlash uchun ishlab chiqilgan. Jangovar bort oʻzining zirhlangan kabinasi, 30 mm kalibrli avtomatik toʻpi hamda qariyb 5 tonna foydali yuk koʻtarish imkoniyati bilan mashhur. Shu bois aviatsiya ishqibozlari uni “qanotli tank” deb ataydi. Biroq Stinger kabi koʻchma havo mudofaa tizimlari sabab Su-25 harbiy harakatlardagi ahamiyati tushib ketdi. Ushbu modeldagi samolyotlarning eng yirik operatorlaridan biri sifatida Oʻzbekiston jarayonni jimgina kuzata olmasdi. Shundan so‘ng qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Su-25 samolyotlarining yuzaki modernizatsiyasi bilan cheklanishni xohlamadi. Shu bois korpusni boʻyash yoxud mexanizmlarni moylash emas, balki toʻlaqonli yangilanish dasturi yo‘lga qo‘yildi. Soddaroq aytganda, eski samolyotdan faqat platforma qoldi. Jarayonda zamonaviy navigatsiya tizimlari, bort kompyuteri, tungi sharoitda ham missiya bajarish uchun optik moslamalar, nishonga olish va elektron himoya tizimlari o‘rnatildi. Shunday qilib, Su-25 jabha chizig‘iga kelmay, yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilarni masofadan ishga tushiradigan zamonaviy samolyotga aylandi. Sinovlarning birida u mana shunday aviabomba bilan 4 km uzoqlikdagi nishonga, eng muhimi, yuqori aniqlikda zarba berdi.

O‘zbekiston harbiy havo kuchlarining vertolyotlar parki ham ancha keng. Ro‘yxatda Mi-24, Mi-35 hujumkor vertolyotlarini hamda Mi-8 va Mi-171 transport vertolyotlarini topish mumkin. Mamlakat, bundan tashqari, Airbus kompaniyasidan H125M va H225M ko‘p maqsadli tikucharlarini ham xarid qilgan.

**Havo hujumidan mudofaa tizimlari**

Harbiy aviatsiya sarhadlar mudofaasini ta’minlashda muhim aktiv hisoblansa-da, havo hujumidan mudofaa tizimlarining o‘rni beqiyos hisoblanadi. Ochiq manbalarga ko‘ra, O‘zbekiston Qizil Armiyadan Osa, Shilka va S-125 kabi tizimlarni qabul qilib olgan. Mustaqillik yillarida ular modernizatsiyadan o‘tkazilgan. Shuningdek, yangi xaridlar ham amalga oshirilgan. Xitoydan sotib olingan FD-2000 zenit-raketa kompleksi bunga yaqqol misol. U Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan S-300 tizimining muqobili bo‘lib, deyarli barcha turdagi havo tahdidlarini zararsizlantirishga mo‘ljallangan.

Biroq ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda havo hujumidan mudofaa salohiyatini kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratildi. Turli radiuslarda ishlashga mo‘ljallangan zenit-raketa komplekslari xarid qilindi. Natijada O‘zbekistonda eshelonlashtirilgan havo mudofaa tizimi tashkil etildi. Soddaroq aytganda, bu mamlakat havo sarhadlarini buzib kirgan dron yoxud samolyot bir necha qatlamli himoya tizimlariga duch kelishini anglatadi.

Odatda bunday halqalardan to‘rtta bo‘ladi. O‘zbekistonda havo mudofaasining dastlabki chizig‘ini QW-18 ko‘chma raketa tizimlari, ZSU-23-2 va ZSU-23-4 zenit qurollari tashkil etadi. Keyingi halqani esa Xitoydan sotib olingan FM-90 va Rossiya-Belarus hamkorligidagi Pechora-2M zenit-raketa tizimlari himoya qiladi. Uchinchi halqaga kelsak, uning asosini Xitoydan sotib olingan Kaishan tizimlari tashkil etadi. O‘zbekiston ixtiyoridagi eng qudratli havo hujumidan mudofaa tizimi biroz oldin to‘xtab o‘tilgan FD-2000 hisoblanadi.

O‘zbekistonning eshelonlashtirilgan havo hujumidan himoya tizimlari haqida mana shu yerda o‘qishingiz mumkin.

**Quruqlik qo‘shinlari**

O‘zbekiston 40-armiyadan qolgan minglab tanklar, piyoda jangovar mashinalari, zirhli transport vositalari, artilleriya tizimlari va boshqa texnikalarni o‘z arsenaliga muvaffaqiyatli tarzda integratsiya qildi. Mamlakat ularni shunchaki o‘z tasarrufiga olish bilan cheklanmasdan qator modernizatsiya dasturlarini amalga oshirdi. Bundan tashqari, ularni qo‘llash bo‘yicha taktik usullar ham muntazam takomillashtirib borilmoqda. Quruqlik kuchlari safida uchuvchisiz uchish tizimlarining ommalashgani bunga ko‘plab misollardan biridir.

Quruqlik kuchlari arsenalini zamonaviy tizimlar bilan boyitish ustuvor masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Global Fire Power indeksiga ko‘ra, mamlakat ixtiyorida 470 ta tank, 8 mingdan ortiq zirhli transport vositasi, 177 ta o‘ziyurar artilleriya tizimlari bor. Ammo jiddiy nashrlar va professional doiralar bu indeksga suyanmaydi. Boisi portal Qo‘shma Shtatlarda istiqomat qiluvchi havaskor bloger tomonidan yuritiladi. Tabiiyki, blogerning o‘z saytida e’lon qilgan ma’lumotlari va asl holat o‘rtasida katta farqlar bo‘ladi. Boisi mamlakatlar o‘z harbiy holati, xususan arsenali haqida ortiqcha ma’lumot berishdan o‘zini tiyadi.

**Milliy mudofaa sanoati**

Tarixchi olimlarning yozishicha, o‘tgan asrning birinchi yarmida mustamlaka zulmiga qarshi kurashgan Madaminbek, Shermuhammadbek va Ibrohim Laqay kabi mashhur qo‘rboshilar qurolsozlik zavodlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishgan. Ular buni muttasil ta’qib, izolyatsiya va yetishmovchilikka qaramay, mustaqil ravishda amalga oshirishgan. O‘z ehtiyojlari uchun miltiqlar, hatto kichik kalibrli zambaraklar ishlab chiqarishgan. Biroq afsuski, qo‘rboshilar o‘zlari boshlagan ishni oxiriga yetkaza olishmadi. Ammo mustaqillik, tinchlik va oshib borayotgan iqtisodiy qudrat bir vaqtlar millat qahramonlari uchun shirin orzu bo‘lgan ishlarni amalga oshirish imkonini beradi.

O‘zbekistonda qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnikalar, shuningdek ikki xil maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlarni ishlab chiqarish, ta’mirlash va modernizatsiyadan o‘tkazish bilan Mudofaa sanoati agentligi shug‘ullanadi. U xuddi shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi davlat hamda xususiy korxonalarni birlashtirgan tizimdir. Tarmoq tarkibidagi ishlab chiqaruvchilar soni ortib boryapti, katalog esa kengaymoqda. O‘zbekiston o‘z harbiy sanoat kompleksini ilk bor 2025-yil fevral oyida xalqaro hamjamiyatga ko‘z-ko‘z qildi. O‘shanda bir necha ishlab chiqaruvchilar mamlakat nomidan Abu Dabi shahrida o‘tgan IDEX-2025 ko‘rgazmasida qatnashdi.

Dunyoning eng yirik mudofaa texnologiyalari ko‘rgazmasi O‘zbekiston pavilyonining ham paydo bo‘lishi xalqaro hamjamiyat e’tiboridan chetda qolmadi. Harbiy sohaga ixtisoslashgan nufuzli nashrlardan biri Defence Blog o‘shanda Arslon 8x8, Arslon 6x6 zirhli transport vositalari hamda To‘fon o‘ziyurar gaubitsalari haqida material tayyorlab, shunday yozgandi:

"Oʻzbekiston oʻzining ichki mudofaa sanoatini rivojlantirishda katta yutuqlarga erishdi va endi oʻzining eng soʻnggi takliflari bilan global qurol bozoriga kirmoqda."

O‘zining tahliliy materiallari bilan tanilgan Army Recognition media-portali esa O‘zbekiston mahalliy mudofaa sanoatini rivojlantirish orqali bir vaqtning o‘zida ham sovet merosidan bosqichma-bosqich voz kechayotganini, ham tashqi ta’minotchilarga bog‘liqlikni kamaytirayotganini ta’kidlagan.

“Abu Dabida o‘tkazilgan IDEX-2025 ko‘rgazmasi O‘zbekiston uchun o‘zining tobora rivojlanib borayotgan mudofaa sanoatini namoyish etishda muhim maydon vazifasini bajardi. Xususan, Arslon 6×6 zirhli transport vositasi mamlakatning harbiy texnologiyalar borasidagi yutuqlaridan biri sifatida ajralib turadi.

“Arslon” oilasi mustahkam himoya, ilg‘or qurol-yarog‘ tizimlari va yuqori harakatchanlik kabilarni o‘zida mujassam etgan. Bu O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini modernizatsiya qilish va uni NATO standartlariga moslashtirish yo‘lida muhim qadamdir”, deya yozgandi nashr.

O‘zbekiston mana shunday yirik xalqaro tadbirlarning doimiy ishtirokchisi sifatida 2026-yil fevral oyida Ar Riyod shahrida o‘tgan Wold Defense Show ko‘rgazmasida ham qatnashdi. O‘shanda O‘zbekiston nomidan uchta ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. Yuzga yaqin turdagi harbiy va ikki maqsadli mahsulotlar ishlab chiqaradigan Innovatsiya texnologiyalari markazi hamda elektron urush tizimlari yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatadigan EAS kompaniyasi o‘zining yangi hamkorlarini topdi. E’tiborlisi, bu uchuvchisiz uchish tizimlari ishlab chiqaradigan Sahro kompaniyasi uchun debyut chiqish bo‘ldi.

Oradan bir necha oy o‘tib yana bir yirik xalqaro ko‘rgazmada debyut amalga oshirildi. Mudofaa sanoati agentligi tizimi Fransiya poytaxtida o‘tgan Eurosatory 2026 xalqaro ko‘rgazmasida ilk bor qatnashdi. Bu jahonning eng yirik qurolsozlari jamlangan ko‘rgazmada O‘zbekiston harbiy sanoat kompleksining yutuqlarini namoyish etish, shuningdek xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochish imkonini berdi.

Bugun O‘zbekiston 32 tonna og‘irlikdagi bahaybat zirhli texnikadan tortib, kichik kalibrli o‘q-dorilarga qadar mustaqil ishlab chiqarmoqda. O‘z Qurolli Kuchlarini deyarli barcha turdagi dronlar hamda ularga qarshi elektron urush tizimlari bilan ta’minlab kelmoqda. Eng muhimi, ishlab chiqarish quvvati ortib, mahsulotlar katalogi esa kengayib boryapti. Xomashyoshga ishlov berishdan tayyor mahsulotga qadar to‘liq zanjir yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu xorijga bog‘liqlikni kamaytirish, tashqi ta’minotchilarga ketadigan mablag‘larni mamlakat ichida qoldirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eng muhimi, milliy xavfsizlikni mustahkamlash imkonini beradi.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarix uchun qisqa, ammo mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Turli bo‘hronlar, xurujlar va ziddiyatlardan munosib chiqib, mamlakat hududiy yaxlitligini saqlab qoldi. Milliy manfaatlarni ilgari surishda tengsiz rol o‘ynadi. Ayni shu kunlarda ham noma’lum dron yoxud samolyot yarim tunda shirin uyqumizni buzishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun son-sanoqsiz insonlar xizmat qilyapti. Ularni va butun xalqimizni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan tabriklaymiz. Mustaqillik muborak bo‘lsin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.