Oʻzbekiston elektrotexnika sanoatiga yangi imtiyozlar va arzon kreditlardan foydalanish imkoniyati beriladi

Oʻzbekiston elektrotexnika tarmogʻiga yangi imtiyozlar va arzon kreditlardan foydalanish imkoniyati beriladi
Oʻzbekistonda elektrotexnika sanoatini qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirishga qaror qilindi: korxonalarga aylanma mablagʻlar uchun yillik 6 % stavkada kredit olish imkoniyati yaratiladi, foiz stavkalarini kompensatsiya qilish kengaytiriladi va yirik xorijiy investorlarni jalb qilish uchun sharoitlar yaratiladi.
Yangi chora-tadbirlar Prezident qarori bilan tasdiqlandi. Asosiy qoidalar 1 oktyabrdan kuchga kiradi.
Tarmoq korxonalariga tijorat banklari orqali aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun uch oylik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda ikki yilgacha muddatga kreditlar ajratiladi. Bitta korxona uchun maksimal summa 5 million dollarni, stavka esa yillik 6 % ni tashkil etadi, shundan 2 foiz punkti bank marjasi hissasiga toʻgʻri keladi.
Kreditning yarmini, lekin 20 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan qismini Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi kafilligi qoplashi mumkin. Qolgan qismi likvidli mol-mulk, sugʻurta polisi, eksport shartnomasi yoki boshqa turdagi taʼminot bilan taʼminlanishi mumkin.
Mis sotib olish uchun alohida chora-tadbirlar koʻzda tutilgan. Birja orqali mis xomashyosi sotib olinayotganda korxona qiymatning 25 % ini mustaqil ravishda toʻlaydi, qolgan 75 % ini esa uch kun ichida «Oʻzsanoateksport» toʻlab beradi. Keyin korxona ushbu summani 90 kun ichida qaytarishi kerak. Kechiktirilgan toʻlov uchun yillik 6 % stavkada foizlar hisoblanadi. Bunda bitta korxonaning «Oʻzsanoateksport» oldidagi qarzdorligi 3 million dollardan oshmasligi kerak.
2026-2028 yillarda davlat elektrotexnika sanoatidagi investitsiya loyihalari uchun olingan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qiladi. Ushbu mexanizm kreditning umumiy summasidan qatʼi nazar, 20 milliard soʻm ekvivalenti doirasidagi kreditlarga tatbiq etiladi.
Milliy valyutadagi kreditlar uchun kompensatsiya Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan stavka qismiga — 10 foiz punktigacha miqdorda koʻzda tutilgan. Valyutadagi kreditlar boʻyicha davlat stavkaning 6 % dan yuqori boʻlgan qismini, lekin 5 foiz punktidan koʻp boʻlmagan miqdorda kompensatsiya qiladi.
Kompensatsiya «2+1» tamoyili boʻyicha beriladi: dastlabki ikki yilda — belgilangan shartlarda, uchinchi yilda esa, agar korxonaning mahsulot yoki xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan yillik tushumi oʻtgan yilga nisbatan kamida 15 % ga oshgan boʻlsa, saqlab qolinadi.
Chora-tadbirlarning alohida bloki elektrotexnika, elektronika va robototexnika sohalariga yirik xalqaro kompaniyalarni jalb qilishga taalluqlidir. Gap oxirgi uch yilda Forbes Global 2000 reytingiga va xalqaro yetkazib berish zanjirlariga kirgan hamda loyihaga kamida 50 million dollar investitsiya kiritishga tayyor boʻlgan investorlar haqida bormoqda.
Bunday kompaniyalar uchun investitsiya shartnomalarida uch yil ichida qoʻshilgan qiymatni 40 % dan koʻproqqa oshirish va yillik foydaning kamida 3 % ini ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga yoʻnaltirish majburiyatlari mustahkamlab qoʻyiladi.
Maxsus iqtisodiy zonalarda investorlarga elektr energiyasi, gaz, suv, oqova suvlarni tozalash inshootlari va temir yoʻl infratuzilmasi ulangan tayyor ishlab chiqarish binolarini taqdim etish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, yirik investorlar 10 yil muddatga yer soligʻi, mol-mulk soligʻi va foyda soligʻidan ozod qilinishi mumkin.
Shuningdek, Oʻzbekistonda 2030 yilga borib elektrotexnika mahsulotlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Tarmoq va turdosh sohalarda ishlab chiqarish hajmini 11 milliard dollarga yetkazish koʻzda tutilgan.

